
BYD kompaniyasi yangi flagman elektromobili BYD Great Tang SUV modelining salonini rasman namoyish qildi. CarNewsChina’ga ko‘ra, bu kompaniyaning D-segmentdagi birinchi to‘liq elektr krossoveri hisoblanadi.
Avtomobil 2+2+3 ko‘rinishidagi 7 o‘rindiqli joylashuvga ega bo‘lib, salonida to‘rtta ekran o‘rnatilgan. Old panelda uchta ekran joylashgan: haydovchi uchun instrument panel, markaziy boshqaruv displeyi va old yo‘lovchi uchun alohida multimedia ekrani. Orqa o‘rindiqlarda esa tom qismiga o‘rnatilgan ko‘ngilochar ekran, kichik stolchalar va hatto muzlatkich ham mavjud.

BYD Great Tang uzunligi 5263 – 5302 mm, kengligi 1999 mm, balandligi esa 1790 – 1800 mm. G‘ildirak bazasi 3130 mmni tashkil etadi. Avtomobilning og‘irligi komplektatsiyaga qarab 2640 kg dan 2970 kg gacha bo‘lishi mumkin.
Model 20 va 21 dyuymli shinalar bilan taklif etiladi. Shuningdek, unda God’s Eye ilg‘or haydovchiga yordam tizimi, tom qismidagi lidar sensori, panoramali tom, DiSus-P aqlli amortizatsiya tizimi va orqa g‘ildiraklarni burish funksiyasi mavjud.

Avtomobil ikki xil variantda chiqariladi: orqa g‘ildirakdan tortuvchi (RWD) va to‘liq tortuvchi (AWD). RWD versiyasi 300 kVt (402 ot kuchi) yoki 370 kVt (496 ot kuchi) quvvatga ega. AWD versiyasida esa qo‘shimcha ravishda old tomonda 215 kVt (288 ot kuchi) quvvatli elektromotor o‘rnatilgan.
BYD Great Tang maksimal 240 – 250 km/soat tezlikka chiqa oladi. U yangi Flash Charge tezkor zaryadlash texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, atigi 5 daqiqa zaryad bilan 200 km masofa bosib o‘tish mumkin.

Masofa bo‘yicha RWD versiyasi bir zaryadda 950 km gacha, AWD versiyasi esa 850 km gacha yurishi kutilmoqda. Batareya sig‘imi haqida aniq ma’lumotlar hozircha e’lon qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BYD Denza Z9 GT elektromobili 1000 km dan ortiq yurish zaxirasiga ega bo‘lishi haqida ma’lumot berilgandi. Elektr versiyasining yurish zaxirasi 1000 km dan oshishi kutilmoqda. Model ikki xil batareya bilan taklif qilinadi.