Great Wall Wingle 7 avtomobili Qozog‘istonda ishlab chiqariladi

4-mart 2026 10:54 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Great Wall Wingle 7 avtomobili Qozog‘istonda ishlab chiqariladi
Foto: Motor92

Xitoyning Great Wall kompaniyasiga tegishli Great Wall Wingle 7 pikapi endi Qozog‘istonda yig‘iladi. Model mamlakatda transport vositasi turini tasdiqlovchi sertifikatni oldi.

Mazkur hujjat KazStandard ochiq reyestrida e’lon qilingan. Bu esa avtomobil Qozog‘istonda rasmiy ravishda ishlab chiqarilishi va mahalliy bozorda sotilishini anglatadi.

Reyestrga ko‘ra, model ishlab chiqaruvchisi sifatida Hyundai Trans Auto zavodi ko‘rsatilgan. Ushbu korxona Olmaota shahrida joylashgan.

Foto: Motor92

Wingle 7 N1 toifasidagi pikap hisoblanadi. Avtomobilning uzunligi 5395 mm, kengligi 1800 mm, balandligi 1760 mm. G‘ildirak bazasi esa 3350 mmni tashkil etadi.

Model ikki xil dvigatel bilan taklif qilinishi mumkin. Birinchi variant 2,0 litrli turbodiesel bo‘lib, uning quvvati 143 ot kuchiga teng. Ikkinchi variant 2,4 litrli benzin dvigateli bo‘lib, u 149 ot kuchi ishlab chiqaradi. Har ikkala versiya ham 5 yoki 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlanadi.

Foto: Motor32

Asosiy komplektatsiyada konditsioner va old xavfsizlik yostiqchalari mavjud bo‘ladi. Qo‘shimcha opsiyalar sifatida orqa kamera va shinalardagi bosimni nazorat qilish tizimi taklif qilinadi.

Avval ushbu pikapning import versiyasi rasmiy dilerlarda taxminan 13,5 mln tengedan sotila boshlagan edi. Mahalliy ishlab chiqarish boshlangach, avtomobil narxi yanada arzonlashishi mumkin. Biroq yakuniy narx komplektatsiya va ishlab chiqarishdagi lokalizatsiya darajasiga bog‘liq bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri GM Chevrolet avtomobili uchun chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek