
Javohir Sindarov navbatdagi g‘alaba va Qamchiq dovonidagi qor — 4-mart kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Poytaxt avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanadi

Toshkent shahrida jamoat transporti infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha aniq reja asosida ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi. Yo‘lovchi oqimi ortib borayotgani sababli poytaxtda bekatlarni tartibga solish va yangilash ishlari davom etmoqda. Bu jarayon Raqamli transport markazi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.
YHTEM mutaxassislari tomonidan shaharning eng tirband 472 kilometr avtomobil yo‘llari aniqlanib, ustuvor yo‘nalishlarda ishlar boshlangan. Birinchi bosqichda 100 kilometr hudud qamrab olinib, 360 dan ortiq bekat hamda 190 ta chorraha xatlovdan o‘tkazildi.
Javohir Sindarov Titled Tuesday turnirida uchinchi marta g‘olib bo‘ldi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 3-mart kuni bo‘lib o‘tgan Titled Tuesday shaxmat turnirining bahorgi mavsumida g‘olib chiqdi. U so‘nggi turda grossmeyster Nihal Sarinni mag‘lub etib, turnir jadvalida peshqadamga aylandi.
Javohir Sindarov musobaqa yakuniga ko‘ra 9,5 ochko jamg‘ardi. U bilan bir xil ochko to‘plagan grossmeysterlar Dmitriy Andreykin hamda Maksim Vashye-Lagrav so‘nggi turda tezkor durangga rozi bo‘lishdi. Natijada Sindarov tay-brek ko‘rsatkichlari bo‘yicha ularni ortda qoldirdi.
Isroil – Eron urushida qaysi davlatdan qancha kishi halok bo‘ldi

Urushning beshinchi kuniga kirib, AQSh va Yaqin Sharq mintaqasida halok bo‘lganlar soni 861 nafarga yetdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi. 3-mart holatiga ko‘ra, Eron qurbonlari soni bo‘yicha yetakchi bo‘lib turibdi — 787 kishi. Isroilda Quddus yaqinidagi Beit Shemesh shahrida raketa zarbasi oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi. Livanda esa Isroil zarbalari oqibatida 50 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Bahraynga raketa yo‘naltirilgandan so‘ng Salman sanoat shahrida yuzaga kelgan yong‘in oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi. Quvaytda esa Eron hujumlari oqibatida 3 ta o‘lim qayd etildi, ulardan ikkitasi harbiy xizmatchilar bo‘lgan. Ummon poytaxti Maskat yaqinida 1 kishi, Birlashgan Arab Amirliklarida esa 3 kishi vafot etdi. Shuningdek, Quvaytdagi bir inshootga berilgan zarba oqibatida 6 AQSh harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi.
O‘zbekistonda 21 yoshdan keyin turmush qurgan yoshlarga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar o‘rtasida moliyaviy mustaqil va oila qurishga tayyor bo‘lgan davrda turmush qurishni rag‘batlantirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, 2027-yildan boshlab 21 yoshga to‘lib, birinchi marta oila qurayotganlarga davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etiladi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda nikohlarning 40 foizi 18–19 yoshli yoshlar o‘rtasida tuzilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan va 21 yoshdan keyin oila qurgan yoshlarga ajratiladigan moliyaviy yordam (subsidiya, kredit, grantlar) miqdori 1,5 baravarga oshiriladi. Shuningdek, nikoh shartnomasini tuzgan juftliklar davlat bojidan ozod qilinadi.
Apple M5 chipli MacBook Air noutbuklarini taqdim etdi

Apple kompaniyasi o‘zining M5 protsessoriga ega yangi MacBook Air noutbuklarini rasman taqdim etdi. Yangilangan modellar yuqori unumdorlik va kengaytirilgan SI imkoniyatlarini taklif etadi. Bu haqda kompaniya rasmiy bayonotida ma’lum qildi.
Yangi MacBook Air oldingi avlodlarga nisbatan sun’iy intellekt vazifalarini 4 barobargacha tezroq bajaradi. Noutbuklar endi standart holatda 512 GB xotira bilan jihozlanadi va bu ko‘rsatkichni 4 TB gacha oshirish mumkin. Shuningdek, qurilmaga Wi-Fi 7 hamda Bluetooth 6 simsiz aloqa texnologiyalari o‘rnatilgan.
«Vulverhempton» o‘z maydonida «Liverpul»dan ustun keldi

Angliya Premyer-ligasining 29-turida musobaqa jadvalining so‘nggi o‘rnida borayotgan «Vulverhempton» amaldagi chempion «Liverpul»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Birinchi bo‘limda hisob ochilmadi. Uchrashuvning 78-daqiqasida Rodrigo Gomes mezbonlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 83-daqiqada Muhammad Saloh hisobni tenglashtirdi. Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan to‘rtinchi daqiqada Andrening kiritgan goli «Bo‘rilar»ga g‘alaba keltirdi.
Qatardagi YTH oqibatida 11 yoshli o‘zbekistonlik vafot etdi

Qatarda yo‘l-transport hodisasi oqibatida 11 yoshli o‘zbekistonlik bola halok bo‘ldi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida tug‘ilgan bola Qatarga safari davomida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida vafot etgan. Avtotransport vositasi boshqaruvi yo‘qotilishi oqibatida u bosh qismidan og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Hodisa haqida ma’lumot kelib tushgach, O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi Qatarning tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda zarur tashkiliy va huquqiy masalalarni tezkor hal etish choralarini ko‘rdi. Marhumning oila a’zolariga amaliy yordam ko‘rsatilib, dafn marosimini tashkil etish ishlari ular bilan hamkorlikda amalga oshirildi.e
4-martdan Toshkent va Dubay o‘rtasidagi reyslar bosqichma-bosqich tiklanadi

2026-yil 4-martdan boshlab Toshkent va Dubay o‘rtasidagi aviaqatnovlar yana tiklanadi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qildi. Reyslar UzAirways, CentrumAir va Qanot Sharq aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Parvozlar belgilangan jadval asosida bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
- UzAirways aviakompaniyasining HY333 reysi 4-mart kuni soat 08:30 da Toshkentdan Dubayga, HY334 reysi esa shu kuni soat 12:30 da Dubaydan Toshkentga qaytadi.
- CentrumAir aviakompaniyasining C6-351 reysi 4-mart kuni soat 05:30 da Toshkentdan Dubayga, C6-352 reysi esa soat 10:25 da Dubaydan Toshkentga uchishi qayd etilgan.
- Qanot Sharq aviakompaniyasining HH901 reysi 4-mart kuni soat 05:10 da Toshkentdan Dubayning DWC aeroportiga, HH902 reysi esa soat 10:30 da Dubaydan Toshkentga yo‘l oldi.
Qamchiq dovonida qor yog‘moqda

4-mart holatiga Qamchiq dovonining yuqori nuqtalarida qor yog‘moqda. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) xabar berdi. Vazirlik haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, 4-mart kuni ba’zi joylarda yomg‘ir yoki qor yog‘ishi, kechasi va ertalab ayrim hududlarda tuman tushishi haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, harorat kechasi 3° dan 15° gacha, kunduzi esa 2–15° atrofida iliq bo‘ladi.
«Barselona» yirik g‘alabaga qaramay, kubok finalidan quruq qoldi

3-mart kuni Ispaniya qirol kubogi yarim finalining javob uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda «Barselona» o‘z maydonida «Atletiko Madrid»ni 3:0 hisobida mag‘lub etganiga qaramay, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra turnir bilan xayrlashdi.
Jamoalarning o‘tgan oyda bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuvida madridliklar 4:0 hisobida g‘alaba qozongan edi. Shu sababli, Xansi Flik boshchiligidagi kataloniyaliklar finalga chiqish uchun ushbu bahsda kamida to‘rtta gol urishi talab etilardi. Yakunda umumiy hisob 3:4 ko‘rinishida «Atletiko Madrid» foydasiga hal bo‘ldi.