
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 3-mart kuni bo‘lib o‘tgan Titled Tuesday shaxmat turnirining bahorgi mavsumida g‘olib chiqdi. U so‘nggi turda grossmeyster Nihal Sarinni mag‘lub etib, turnir jadvalida peshqadamga aylandi.
Javohir Sindarov musobaqa yakuniga ko‘ra 9,5 ochko jamg‘ardi. U bilan bir xil ochko to‘plagan grossmeysterlar Dmitriy Andreykin hamda Maksim Vashye-Lagrav so‘nggi turda tezkor durangga rozi bo‘lishdi. Natijada Sindarov tay-brek ko‘rsatkichlari bo‘yicha ularni ortda qoldirdi.
Ushbu natija Sindarovning so‘nggi to‘rt hafta ichidagi ikkinchi, 2026-yil hisobidan esa uchinchi g‘alabasi hisoblanadi. Hozircha boshqa ishtirokchilar orasida faqatgina Magnus Karlsen joriy yilda ikkita shunday turnirda g‘olib chiqqan edi.
G‘alaba uchun Javohir Sindarovga ming AQSh dollari miqdorida mukofot puli berildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin egalari mos ravishda $750 va $350 dan pul mukofotini qo‘lga kiritishdi. O‘n birinchi tur yakunlariga ko‘ra kuchli beshlikni Arjun Erigaysi va Nikolas Teodoru yakunlab bergan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abdusattorov va Sindorov o‘zaro bahsda durang o‘ynagani haqida xabar bergan edi.