Mirziyoyev ayollar va bolalarni himoya qilish bo‘yicha yangi farmonni imzoladi

eʼlon qilindi
Yig‘ilishda nikoh yoshiga doir masalalar ham muhokama qilindi
Homilador ayolning ta’til huquqlari
Foto: Forbes

3-mart kuni davlat rahbari ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish, ularga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqning oldini olishga qaratilgan yangi tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi yillarda erta nikoh, erta tug‘uruq hamda xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mas’ul tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida idoralararo kengash tashkil etilgan edi.

Taqdimotda ekspertlar va jamoatchilik takliflari, shuningdek, xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan qator yangiliklar ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan ma’muriy qamoq jazosini qat’iylashtirish, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni og‘irlashtirish, ayrim jinoyatlar bo‘yicha tergov vakolatlarini prokuraturaga o‘tkazish taklif qilindi.

Shuningdek, zo‘ravonlikka oid ishlar bilan maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokat, tergovchi va sudyalar shug‘ullanishi belgilanmoqda. Himoya orderi berilgan ayollar uchun maxsus SOS ilovasini joriy etish ham rejalashtirilgan. Ushbu tizim orqali chaqiruv yuborilganda ichki ishlar xodimlari qisqa vaqt ichida hodisa joyiga yetib borishi ta’minlanadi.

Yig‘ilishda nikoh yoshiga doir masalalar ham muhokama qilindi. Nikohni 21 yoshdan boshlab tuzishni rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy qilish, nikoh shartnomalarini kengaytirish va erta nikoh holatlarini aniqlash tizimini kuchaytirish taklif etildi. 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida mas’ul idoralarga majburiy xabar berish tartibini joriy qilish ham ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, homilador yoki 3 yoshgacha farzandi bor talaba qizlarga ta’limni davom ettirish imkoniyatlarini kengaytirish orqali ularning o‘qishni tark etishining oldini olish choralari belgilanmoqda hamda yangiliklarni keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xorazmda xorijiy investitsiyalar hajmini 2 milliard dollardan oshirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek