Mirziyoyev O‘mon sultoni va BAA prezidentiga o‘zbekistonlikning vatanga qaytarishdagi yordami uchun minnatdorlik bildirdi

Shavkat Mirziyoyev O‘mon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said va BAA prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonga o‘zbekistonlikning xavfsizligini ta’minlash va ularni vataniga qaytarishda yaratilayotgan shart-sharoit uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muloqot chog‘ida Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat muhokama qilindi. Tomonlar mintaqada yuzaga kelgan beqarorlik jiddiy tashvish uyg‘otayotganini qayd etgan. Prezident sodir bo‘layotgan harakatlardan xavotir bildirdi. U O‘zbekiston har qanday qarama-qarshilik va ziddiyatni siyosiy-diplomatik hamda tinch yo‘llar bilan, muzokaralar orqali hal qilish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
O‘z navbatida O‘mon sultoni va Amirliklar yetakchisi O‘zbekiston yetakchisiga hamjihatlik va birdamlik uchun tashakkur izhor etgan. Haysam bin Toriq Ol Said Masqatga bo‘lajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuqori saviyada o‘tishiga ishonch bildirgan.
Avvalroq Transport vazirligi Madina va Jidda aeroportlaridan 21 ta parvozlar bajarilib 4,9 mingta hamda Dubay shahridan 235 ta yo‘lovchilar O‘zbekistonga olib kelinishi ta’minlanganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan prezident O‘zbekiston qo‘shinining jangovar shayligi bilan tanishgani haqida yozgan edi.