
Namangandagi 26 ta dorixonaga 497 mln so‘m asossiz daromad uchun ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, qo‘mitaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Fair tech yagona axborot tizimi orqali o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ayrim dorixonalar va ulgurji sotuvchilar savdo ustamalariga amal qilmayotgani aniqlandi.
Tekshiruv davomida viloyatdagi 26 ta dori vositalarini ulgurji sotuvchi subyekt faoliyati o‘rganildi. Natijada ayrim tadbirkorlar dori vositalarini sotishda belgilangan ulgurji referent narxlardan yuqori narx qo‘llagani ma’lum bo‘ldi.
Shu tariqa jami qariyb 497 mln so‘m miqdorida asossiz daromad olingani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan Maxsus komissiya tomonidan referent narxlarga amal qilmay, dorilarni asossiz qimmat narxda sotgan ulgurji savdo subyektlariga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi va bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dorixonalarning 25 foizida spirt o‘rniga losyon berilgani aniqlangandi. Shuningdek, «Kursiv» dorixona va tibbiy xizmatlarda «sirli mijoz» tekshiruvlari joriy etilishi haqida yozgandi.