
Qatarda yo‘l-transport hodisasi oqibatida 11 yoshli o‘zbekistonlik bola halok bo‘ldi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida tug‘ilgan bola Qatarga safari davomida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida vafot etgan. Avtotransport vositasi boshqaruvi yo‘qotilishi oqibatida u bosh qismidan og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Hodisa haqida ma’lumot kelib tushgach, O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi Qatarning tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda zarur tashkiliy va huquqiy masalalarni tezkor hal etish choralarini ko‘rdi.
Marhumning oila a’zolariga amaliy yordam ko‘rsatilib, dafn marosimini tashkil etish ishlari ular bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Mintaqadagi vaziyat hamda transport-logistika cheklovlari sababli marhumning jasadi oila roziligi bilan milliy va diniy an’analarga muvofiq ravishda Qatar davlatida dafn etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Baliqchi tumanida yuk mashinasi urib yuborgan 9 yoshli bola vafot etgandi. Hodisa 2026-yil 24-fevral kuni soat 15:56 larda Farg‘ona halqa yo‘lining 103-kilometrida sodir bo‘lgan. 2002-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi yuk mashinasi piyodani urib yuborgach, rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetida to‘xtab turgan Cobalt avtomobiliga borib urilgan.