Banklar va moliya

Qaysi banklarda muammoli kreditlar miqdori yuqori ekani ma’lum bo‘ldi

Jami kreditlardagi NPL ulushi 3,2 foizga oshdi
Bank
Foto: Traffic News

Yanvar oyi mobaynida banklardagi muammoli kreditlar (NPL) umumiy miqdori 19 trln so‘mga oshgan. Bu ko‘rsatkich 1-yanvardagi holat bilan solishtirilganda 7,8 foizga, ya’ni qariyb 1,4 trln so‘mga yuqori. 2025-yilda bu 18 trln so‘mni tashkil etgandi.

Jami kreditlardagi NPL ulushi 3,2 foizga oshdi. Dekabr oyida bu ko‘rsatkich 3 foizni tashkil qilgan. 1-fevral holatiga ko‘ra, banklarning kredit portfeli 610,4 trln so‘mga yetdi. 

Davlat banklarida

Muammoli kreditlarning asosiy qismi davlat ulushi mavjud banklarga to‘g‘ri kelmoqda. Ularning jami miqdori 13,7 trln so‘mdan ortiqni tashkil qilgan. Bu dekabrga nisbatan qariyb 1 trln so‘mga yuqori.

Davlat banklari orasida qaytarilmayotgan kredit qarzdorligi eng yuqori bank sifatida hali ham «O‘zmilliybank» 3,1 trln so‘m bilan yetakchilik qilmoqda. Bankning jami kreditlardagi NPL ulushi esa 2,8 foizdan 2,9 foizga oshgan.

Shuningdek, «Agrobank»da 2,7 trln so‘m (NPL 3,3%), «O‘zsanoatqurilishbank»da 2 trln so‘m (3,1%), «Asaka bank»da 1,7 trln so‘m (4,1%) va Xalq bankida 1 trln so‘mga (3%) yetgan.

Xususiy banklarda

Xususiy banklarda kredit portfeli 2 trln so‘mga oshib, 201,5 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, NPL miqdori esa 5,6 trln so‘mga oshgan. Kredit portfelidagi umumiy ulush 2,8 foizga o‘sgan.

Muammoli kreditlar ko‘rsatkichi yuqori banklar qatorida «Ipoteka-bank» 1,4 trln so‘m (portfeldagi ulushi 3,9%) so‘m bilan yetakchi o‘rinda turibdi.

Xususiy banklar kredit portfelidagi muammoli kreditlar ulushi bozorning o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan banklar quyidagilar:

  • «Poytaxt bank» – 33,8% (muammoli kreditlar 90 mlrd so‘m);
  • «Garant bank» – 9,8% (145 mlrd so‘m);
  • «TBC bank» – 6,3% (605 mlrd so‘m).

Ma’lumot uchun, muammoli kredit (NPL) deb to‘lov muddati 90 kundan oshgan va qaytarilmayotgan kreditlarga aytiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda banklardagi NPL miqdori 12 foizga pasaygani haqida yozgandi.