Sirdaryo viloyatiga 3 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi

eʼlon qilindi
Hududda YaIM 9 foizga o‘sishi kutilmoqda
Sirdaryo viloyatiga 3 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini ko‘rib chiqish hamda kelgusi ustuvor vazifalarni belgilash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Iqtisodiy o‘sish va investitsiyalar

So‘nggi yillarda viloyat iqtisodiyoti sezilarli o‘sish ko‘rsatdi. 2025-yilda Sirdaryo viloyati iqtisodiyoti 9,8 foizga oshib, sanoat ishlab chiqarishi 8,2 foizga o‘sdi, aholining jon boshiga YAIM hajmi esa 2017-yildagi 10 mln so‘mdan 2025-yilga kelib 38,1 mln so‘mga yetdi. O‘tgan yili 42 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, $333 mlndan ortiq mablag‘ jalb qilindi va 17,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Viloyatni ilg‘or innovatsion hududga aylantirish, Xitoy, Koreya, Yaponiya va Malayziya tajribalarini qo‘llash hamda xorijiy investorlar bilan yuzlab million dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalari muhokama qilindi. Jumladan, Guliston tumanida chorvachilik majmuasi va bolalar oziq-ovqat ishlab chiqarish loyihalari, Yangiyer shahrida Fransiyaning «Bonduelle» kompaniyasi bilan hamkorlikdagi loyihalar ishga tushiriladi.

Raqamli iqtisodiyot va sanoat rivoji

Raqamli iqtisodiyot, kosmetika sanoati, agrosanoat va qayta ishlash sohalarida yangi investitsiya tashabbuslari ishlab chiqilmoqda. Data-markazlar, inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish orqali viloyatda zamonaviy biznes infratuzilmasi shakllantiriladi.

Foto: President.uz

Bandlik va kambag‘allikni kamaytirish

Joriy yilda viloyatga 10 trln so‘m resurs ajratilib, 185 ming aholini ish bilan ta’minlash, ishsizlik darajasini 4,6 foizga, kambag‘allikni esa 3 foizga qisqartirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari hamda Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlarida chora-tadbirlar amalga oshiriladi. «Mehnatsevar ayol», «Teng imkon – inklyuziv bandlik», «Bir mahalla – bir mahsulot» dasturlari doirasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.

Ijtimoiy infratuzilma va uy-joy qurilishi

Ijtimoiy infratuzilma va uy-joy qurilishi ham jadallik bilan davom etmoqda. 2026-yilda 3,5 ming xonadondan iborat 80 ta ko‘p qavatli uy, shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» massivlarida 1,5 ming xonadon barpo etilishi rejalashtirilgan. Muhandislik infratuzilmasi doirasida elektr tarmoqlari, transformatorlar va suv tarmoqlari qurilishi davom ettiriladi, ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 89,5 foizga yetkaziladi.

Foto: President.uz

Qishloq xo‘jaligi va agroinvestitsiyalar

Qishloq xo‘jaligida yuqori samaradorlikka erishish uchun «Sirdaryo agro invest» kompaniyasi tashkil etilib, suv tejovchi va zamonaviy agrotexnologiyalar asosida daromadli ekin maydonlari aholiga taklif qilinadi. Shu yil 20,8 ming gektar yer maydonida suv ta’minotini yaxshilash va 748 mln kub metr suvni tejash rejalashtirilgan. Xovos tumanida «Aqlli qishloq» pilot loyihasi amalga oshiriladi.

Yakuniy topshiriqlar va kelgusidagi vazifalar

Yig‘ilishda erkin iqtisodiy zonalarda investitsiya loyihalarini ishga tushirish, quyosh panellari ishlab chiqarish loyihalari va zamonaviy ko‘chatchilik markazlarini tashkil etish topshiriqlari berildi. Prezident yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash va xalqaro standartlar asosida malaka baholash markazlarini tashkil etish bo‘yicha alohida e’tibor qaratdi. Har bir loyihaning aholining daromadi va turmush darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishgan edi.

Shuningdek