
Hukumat qarori bilan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlar va pedagoglarga ta’lim krediti ajratish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) reytinglariga ko‘ra dunyoning Top-300 taligiga kirgan xorijiy universitetlarga qabul qilingan O‘zbekiston fuqarolariga imtiyozli ta’lim krediti beriladi. Kredit 30 yoshdan oshmagan yoshlar va pedagog xodimlar uchun mo‘ljallangan.
Ta’lim krediti bakalavriat va magistratura bosqichlarida o‘qish uchun ajratiladi. Kredit miqdori bir o‘quv yili uchun $20 minggacha bo‘lgan summaning milliy valyutadagi ekvivalentini tashkil etadi.
Kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugaganidan 7 oy o‘tib qaytarila boshlaydi va 7 yil davomida to‘lanadi.
Kredit olish uchun bankka ariza, shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi, qabul qilinganlik haqida taklifnoma, o‘qish bo‘yicha shartnoma va universitetning bank rekvizitlari ko‘rsatilgan hisob-faktura, daromad to‘g‘risidagi ma’lumot hamda ayrim holatlarda boshqa zarur hujjatlar taqdim etiladi.
Ta’lim krediti foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tibbiyot yo‘nalishlarida super-kontrakt tizimi bekor qilinishi mumkinligi xabar qilingandi. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, bakalavriat, klinik ordinatura va magistratura bosqichlarida har bir o‘quv modulini o‘zlashtirish hamda davlat imtihonlari uchun minimal talablar kuchaytiriladi.