
Toshkent shahrida BYD va Gentra haydovchilari o‘rtasidagi janjal sabab jabrlanuvchining rafiqasi homilasidan ayrilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hodisa ishtirokchilariga hukm o‘qildi.
2025-yilning sentyabr oyida sodir bo‘lgan holat yuzasidan o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, jabrlanuvchi ayolning hayoti uchun xavfli bo‘lmagan yengil tan jarohatlari olgani aniqlangan. Voqeadan oldin ayolning homiladorligini tasdiqlovchi tibbiy hujjatlar bo‘lmagani sababli, bola tushishi haqidagi ma’lumotlar asossiz deb topilgan.
Sud majlisida 24 yoshli sudlanuvchi o‘z aybini qisman tan olgan. Uning ta’kidlashicha, Gentra haydovchisi ataylab avariya holatini yuzaga keltirgan va uning 55 yoshli otasini haqorat qilgan.
«Ular tergovga faqat o‘zlariga kerakli videoyozuvlarni taqdim etgan», — dedi sudlanuvchi va tergov bir yoqlama olib borilganini ta’kidladi.
Dastlab ota-bolaga nisbatan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan edi. Biroq sud ularning harakatlarida og‘ir jinoyat sodir etish qasdi isbotlanmagan deb topdi. Natijada sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) bilan aybdor deb topildi.
Sud hukmiga ko‘ra, ularning har biriga 2 yildan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Qamoqda saqlangan vaqtni hisobga olgan holda, yakuniy jazo muddati 1 yil 6 oy 24 kun etib belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qatardagi YTH oqibatida 11 yoshli o‘zbekistonlik vafot etgani haqida xabar bergan edi.