Xorazmda xorijiy investitsiyalar hajmini 2 milliard dollardan oshirish rejalashtirilmoqda

eʼlon qilindi
Infratuzilmani yaxshilash uchun $1 milliard 600 million yo‘naltiriladi
4-sentabr kuni qanday ob-havo kuzatiladi
Foto: Sun’iy intellekt

3-mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi yillarda hudud iqtisodiyotida sezilarli o‘sish kuzatilgani qayd etildi. Xususan, sanoat hajmi 2016-yildagi 2,8 trillion so‘mdan 34,3 trillion so‘mga yetgan, yalpi hududiy mahsulot 63 trillion so‘mni tashkil qilgan. O‘tgan yil davomida viloyatga $1 milliarddan ortiq investitsiya jalb etilgan.

Shu bilan birga, mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Ayniqsa, boy tarixiy va madaniy merosga ega hududda sayyohlarning o‘rtacha qolish muddati 1-2 kun bilan cheklanib qolayotgani turizm infratuzilmasini kengaytirish zaruratini ko‘rsatmoqda. Xiva shahri hamda qator tumanlarda servis obyektlarini ko‘paytirish, yangi turizm marshrutlari va master-rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 10,8 gektarlik Sulaymon qal’a majmuasini kompleks rivojlantirish ham rejalashtirilmoqda.

Viloyatda 1 milliondan ortiq yoshlar yashaydi va har yili 35 ming nafari mehnat bozoriga kirib keladi. Ularning bandligini ta’minlash, zamonaviy kasb-hunar egallashi va munosib daromad topishi ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Yoshlarni Jaloliddin Manguberdi, Beruniy, Xorazmiy va Zamaxshariy kabi buyuk ajdodlarga munosib etib tarbiyalash bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqish topshirildi.

Aholining 67 foizi qishloqlarda istiqomat qilishi inobatga olinib, aynan qishloq joylarda qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish orqali kambag‘allikni qisqartirish muhim ekani qayd etildi. Chorvachilik, qurilish materiallari, to‘qimachilik, hunarmandchilik va mebelsozlik yo‘nalishlarida mahallalarni ixtisoslashtirish, sanoat va xizmatlar mikromarkazlarini tashkil etish orqali kamida 10 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish imkoniyati borligi bildirildi.

Yig‘ilishda investitsiya va eksportni oshirish masalalari ham alohida ko‘rib chiqildi. Joriy yilda xorijiy investitsiyalar hajmini $2 milliarddan, eksportni esa $510 milliondan oshirish maqsad qilingan. Bu orqali hududiy mahsulotni 8,4 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.

O‘tgan yili viloyatda kambag‘allik darajasi 11,9 foizdan 6,7 foizga tushgani yuqori natija sifatida qayd etildi. Biroq yil yakuniga qadar ishsizlik va kambag‘allikni kamida 3 foizgacha qisqartirish asosiy vazifa qilib belgilandi. Qator tuman va shaharlarni ishsizlik hamda kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, infratuzilmani yaxshilash uchun $1 milliard 600 million yo‘naltirilishi, kanallarni rekonstruksiya qilish, energiya tejamkor uskunalar o‘rnatish, tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish hamda ijtimoiy obyektlarni ta’mirlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Avvalroq «Kursiv» nashri prezident O‘zbekiston qo‘shinining jangovar shayligi bilan tanishgani haqida yozgandi.

Shuningdek