Avto

Yangi Audi Q3 avtomobili ishlab chiqarila boshlandi

Model Parana shtatidagi San-Jose-dus-Pinyays shahrida joylashgan zavodda yig‘ilmoqda
Yangi Audi Q3 avtomobili ishlab chiqarila boshlandi
Foto: Audi

Audi kompaniyasi uchinchi avlod Audi Q3 krossoverini Braziliyada ishlab chiqarishni boshlaganini e’lon qildi. Bu haqda Motor1 portali ma’lum qildi. Model Parana shtatidagi San-Jose-dus-Pinyays shahrida joylashgan zavodda yig‘ilmoqda.

Audi Q3 yangi avlodi mamlakatda ikkita kuzov turida taqdim etiladi. Xaridorlar oddiy SUV va Sportback kupe uslubidagi versiyalar o‘rtasidan tanlash imkoniga ega bo‘ladi.

Braziliya uchun muhim loyiha

Foto: Audi

Yangi modelning taqdimoti Kuritibadagi Palasio Iguasu saroyida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Audi’ning Braziliyadagi rahbari Sasha Zauer hamda Paraná shtati gubernatori Karlos Massa Ratinyu Junior ishtirok etdi.

Audi vakillari mahalliy ishlab chiqarish kompaniyaning global strategiyasida Braziliya muhim rol o‘ynashini ko‘rsatishini ta’kidladi. Zavod modernizatsiyasidan so‘ng ishlab chiqarish qayta yo‘lga qo‘yildi.

Texnik xususiyatlar qanday bo‘ladi

Foto: Audi

Braziliya bozoriga mo‘ljallangan Audi Q3 texnik tafsilotlari hali to‘liq e’lon qilinmagan. Biroq model hozirgi versiyadagi 2.0 litrli turbo dvigatelni saqlab qolishi kutilmoqda.

Ushbu motor taxminan 231 ot kuchi ishlab chiqaradi va quattro to‘liq g‘ildirakdan tortish tizimi bilan ishlaydi. Bu konfiguratsiya premium kompakt krossoverlar segmentida Audi uchun asosiy variant bo‘lib qolmoqda.

O‘lchamlari ham biroz o‘zgargan. Yangi Q3 uzunligi 4,53 metrga yetdi. Bu oldingi avloddan taxminan 5 sm uzunroq. Shu bilan birga g‘ildirak bazasi 2,68 metr darajasida saqlangan. Kengligi va balandligi deyarli o‘zgarmagan.

Foto: Audi

Salon va texnologiyalar

Yangi Audi Q3 salonida brendning so‘nggi dizayn uslubi qo‘llangan. Rul yuqori va pastki qismi tekis shaklda ishlangan hamda sensorli tugmalar bilan jihozlangan.

Old panelda ikkita katta ekran joylashgan. Raqamli asboblar paneli 11,9 dyuym, multimedia tizimi esa 12,8 dyuym o‘lchamga ega. Tizim yuqori aniqlikdagi grafika va yangi interfeys bilan ishlaydi.

Bundan tashqari, avtomobilda navigatsiya ma’lumotlari va boshqa ko‘rsatkichlarni old oynaga chiqaradigan Head-Up Display ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Audi elektromobil rejasini qayta ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan edi.