Yaqin Sharqdagi mojarolar sabab global brendlar do‘konlarini yopmoqda

Yaqin Sharqda keskinlashgan mojaro fonida yirik global brendlar va chakana savdo tarmoqlari mintaqadagi do‘konlarini vaqtincha yopmoqda yoki cheklangan tarkib bilan ishlamoqda. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
So‘nggi kunlarda AQSh va Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan havo hujumlari ortidan vaziyat yanada taranglashdi. Eron esa javoban Fors ko‘rfazi davlatlariga raketa va dron zarbalari yo‘llagan. Natijada mintaqadagi biznes, turizm va logistika faoliyati izdan chiqqan.
Do‘konlar yopilmoqda
Yaqin Sharqda Versace, Jimmy Choo va Sephora kabi brendlarning 900 ga yaqin do‘konini boshqaruvchi Chalhoub Group Bahrayndagi savdo nuqtalarini yopganini ma’lum qildi. BAA, Saudiya Arabistoni va Iordaniyada esa do‘konlar ochiq, biroq xodimlar ishga ixtiyoriy ravishda chiqmoqda.
AQShning elektron tijorat giganti Amazon Abu-Dabidagi logistika markazi faoliyatini to‘xtatib, mintaqa bo‘ylab yetkazib berishni vaqtincha bekor qilgan. Shuningdek, kompaniya Saudiya Arabistoni va Iordaniyadagi xodimlariga uyda qolishni tavsiya etgan.
Gucci brendiga egalik qiluvchi Kering BAA, Kuvayt, Bahrayn va Qatardagi do‘konlarini vaqtincha yopganini bildirgan. Kompaniya Yaqin Sharqqa xizmat safarlarini ham to‘xtatgan.
Qimmatbaho segment xavf ostida
Tahlilchilarga ko‘ra, Yaqin Sharq global lyuks bozorining atigi 5–10 foizini tashkil etsa-da, so‘nggi yillarda eng tez o‘sayotgan mintaqa bo‘lgan. Bain konsalting kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili aynan shu hudud lyuks savdosining «eng yorqin ijrochisi» bo‘lgan.
Mojaro fonida Yevropadagi lyuks gigantlari — LVMH, Hermès va Richemont aksiyalari 4–5,7 foizgacha pasaygan.
Dubaydagi aeroportlarning yopilishi turizm oqimini keskin to‘xtatdi. Raketa zarbalaridan biri shahardagi besh yulduzli Fairmont The Palm mehmonxonasiga zarar yetkazgani xabar qilingan. Mutaxassislar mojaro cho‘zilsa, sayohat savdosi bozorida yuzlab million dollar yo‘qotishlar yuzaga kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ommaviy brendlar ham ehtiyot choralarini ko‘rmoqda
Texnologiya giganti Apple Dubaydagi do‘konlarini payshanbagacha yopgan. Shvetsiyaning tezkor moda brendi H&M Bahrayn va Isroildagi savdo nuqtalarini vaqtincha to‘xtatgan.
Britaniyaning arzon moda tarmog‘i Primark esa Dubayda mart oyida ilk do‘konini ochishni rejalashtirgan, biroq vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini bildirgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri Yaqin Sharqdagi keskinlik O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi haqida yozgandi.