
Yaqin Sharqdagi harbiy ziddiyat tufayli Madina, Jidda va Dubay shaharlaridan amalga oshirilgan 256 ta parvoz orqali jami 5183 nafar O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Transport vazirligi rezident va xorijiy aviakompaniyalar bilan fuqarolarni qaytarish bo‘yicha aniq rejalarni ishlab chiqdi. Ishlarni muvofiqlashtirish uchun «O‘zaviatsiya» agentligida 24/7 rejimida ishlaydigan shtab tashkil etildi. Fuqarolarga yordam ko‘rsatish maqsadida call-markazining +998 (78) 120-00-72, +998 (71) 200-07-65 telefon raqamlari ishlab turibdi.
Havo hududining yopiqilishi va vaziyatning keskin o‘zgarb turishi, shuningdek, xorijiy aviatsiya hukumatlari bilan olib borilgan muzokaralar natijalari inobatga olingan holda, aviakompaniyalar parvozlarni belgilangan talablar asosida amalga oshirmoqda.
4-mart holatiga ko‘ra, Madina va Jidda aeroportlaridan 21 ta parvoz orqali 4948 yo‘lovchi, Dubaydan esa 235 yo‘lovchi O‘zbekistonga olib kelingan.
Yo‘lovchilar parvozlar bo‘yicha faqat aviakompaniyalarning vakolatxonalari va rasmiy veb-saytlari orqali ma’lumot olishlari tavsiya etiladi. Ehtimoliy tushunmovchiliklar va moliyaviy xavflardan saqlanish uchun tekshirilmagan vositachilarga murojaat qilmaslik so‘raladi.
Ma’lumot uchun, 28-fevraldan boshlab O‘zbekiston shaharlaridan Dubay, Sharja, Madina, Doxa, Jidda, Tel-Aviv, Tehron va Quvayt yo‘nalishlarida barcha aviaqatnovlar bekor qilingan.
Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, Yaqin Sharq mintaqasidagi harbiy nizolar oqibatida halok bo‘lgan yoki jabrlanganlar orasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharq mintaqasidagi o‘zbekistonliklar uchun favqulodda koll-markazlar ish boshlagan edi.