Yangiliklar

2025-yilda farmatsevtika korxonalari aylanmasi 312 mlrd so‘mga pasaygan

Hududlardagi sustlik sabab
2025-yilda farmatsevtika korxonalari aylanmasi 312 mlrd so‘mga pasaygan / Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda dorivor vositalar ishlab chiqarish va sotuv ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.

Dorixonalar va dori savdosi

O‘tgan yili respublikadagi 13 mingdan ziyod dorixonalar orqali jami 24 trln so‘mlik dori vositalari sotilgan. Bundan tashqari, davlat xaridlari orqali yiliga 5 trln so‘mlik farmatsevtika mahsulotlari olinmoqda.

Mahalliy ishlab chiqarish imkoniyati

Yurtimizda jami 58 ta farmatsevtika korxonasi 2,5 ming turdagi dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Oddiy og‘riq qoldiruvchi dorilar (ibuprofen, paratsetamol, diklofenak) va biologik faol moddalar (kaliy, kalsiy, temir, sink, magniy, yod, vitamin B, C, D)ni 20 dan ortiq korxonalar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Farmatsevtika zonalari va infratuzilma

Respublika bo‘yicha jami 136 gektar maydonda 5 ta farmatsevtika zonasi tashkil qilingan va infratuzilma bilan bog‘liq masalalar hal qilingan.

Hududlardagi sustlik va tanqid

Ayrim viloyat hokimlari va ularning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari farmatsevtika loyihalarini yetarlicha nazorat qilmayapti. Masalan, Jizzax farmzonasi (25 gektar) o‘tgan yili umuman dori ishlab chiqarilmagan, Bo‘stonliq farmzonasi (14 gektar) esa 2017-yildan beri bo‘sh turibdi. Shuningdek, Jizzax va Samarqandda o‘tgan yili birorta loyiha ishga tushmagan, Buxoroda atigi 200 ming dollar, Xorazmda esa $2 mlnlik bittadan loyiha amalga oshirilgan.

Moliyaviy ko‘rsatkichlar

Hududlardagi sustlik sabab, o‘tgan yili respublikadagi 96 ta korxonaning aylanmasi 312 mlrd so‘mga pasaygan. Hokimlar mavjud quvvatlarni samarali ishlata olmayotgani va yangi loyihalarni ko‘paytirishga sustlik bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev farmatsevtika sohasiga 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish vazifasini qo‘ygan edi.