Yangiliklar

Banklarda buxgalteriya hisobi endi elektron tizimlar orqali ham yuritiladi

Buxgalteriya hujjatlarini rasmiylashtirishda ham
Moliyaviy hisob tizimi xalqaro standartlarga o‘tkaziladi
Banklarda buxgalteriya hisobi endi elektron tizimlar orqali ham yuritiladi / Foto: Mapquest

O‘zbekiston banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, endilikda tijorat banklarida buxgalteriya hisobini yuritish hamda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish qog‘oz shakli bilan bir qatorda dasturiy tizimlar orqali elektron tarzda ham amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Bank tizimi ma’lumotlar omboriga banklar tomonidan uzatiladigan ma’lumotlar ro‘yxati ham tasdiqlandi. Ushbu ro‘yxatga banklarning aktiv va majburiyatlari, balansdan tashqari hisobvaraqlari hamda ular bilan bog‘liq shartnomalarga oid ma’lumotlar kiritilgan.

Belgilangan tartibga ko‘ra, mazkur ma’lumotlar har bir bank ish kunida soat 10:00 dan boshlab taqdim etilishi lozim. Oylik shaklda topshiriladigan ma’lumotlar esa keyingi oyning 5-sanasidan kechiktirilmagan holda Markaziy bankka to‘g‘ri, to‘liq va o‘z vaqtida uzatilishi zarur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Adliya vazirligi huzurida Ekspert-malakа komissiyasi ish boshlagan edi.