
Buyuk Britaniya hukumati Afg‘oniston, Kamerun, Myanma va Sudan fuqarolari uchun talabalar vizasini berishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda davlatning Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ayrim shaxslar talabalar vizasi orqali mamlakatga kirib, keyinchalik boshpana so‘rab murojaat etayotgani sababli bunday qaror qabul qilingan. Vazirlik bu chorani «favqulodda to‘xtatish mexanizmi» deb atadi.
Ma’lumot uchun, 2021-yildan buyon qariyb 135 ming kishi vizalar orqali qonuniy tarzda mamlakatga kirib, keyinchalik boshpana so‘rab murojaat qilgan.
Shuningdek, mazkur qaror doirasida Afg‘oniston fuqarolari uchun malakali ishchi vizalari ham vaqtincha to‘xtatiladi.
Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud ayrim shaxslar mamlakatning immigratsiya tizimidan foydalanishga urinayotganini bildirib, hukumat bunday holatlarning oldini olish uchun keskin choralar ko‘rayotganini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, 2021 – 2025-yillar oralig‘ida aynan ushbu to‘rt davlatdan kelgan talabalar orasida boshpana so‘rash holatlari 470 foizdan ko‘proq oshgan. Shu sababli hukumat migratsiya va boshpana siyosatini yanada qat’iylashtirishga qaror qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shri-Lanka reyslari bekor qilingan sayyohlar vizasini 14 kunga uzaytirgani haqida yozgandi.