
BYD kompaniyasining flagman yo‘ltanlamasi Yangwang U8 noodatiy sinovdan o‘tkazildi. CarNewsChina’ga ko‘ra, kuchli kamuflyaj bilan yopilgan avtomobil Xitoydagi Tyanshan tog‘idagi mashhur «Osmon zinapoyasi» cho‘qqisining nusxasiga o‘xshash sinov maydonchasiga bemalol chiqqan.
Videoda Tianmen Mountain Thousand-Step Staircase degan yozuv va 1289-test degan hisoblagich ko‘rinadi. Bu sinov allaqachon yuzlab marotaba takrorlanganini anglatadi.
Qiziqarli jihati shundaki, sinov maydonchasidagi zinapoyalar tabiiy tosh emas, balki po‘lat plitalardan yasalgan. Bu esa g‘ildiraklar uchun ushlashni yanada qiyinlashtiradi. Demak, sharoit haqiqiy tog‘dagi zinapoyalardan ham murakkabroq.
Mutaxassislar aytishicha, bu stend mashhur 999 pog‘onali «Osmon zinapoyasi»ning juda tik qiyaligini aniq takrorlaydi. Bu transmissiya va to‘liq tortish tizimi uchun jiddiy sinov hisoblanadi.
Avtomobil kamuflyaj ostida bo‘lsa ham, uning kvadrat shaklli kuzovi va katta o‘lchamlari ko‘zga tashlanadi. Orqa qismida esa zaxira g‘ildirak joylashgan yumaloq qopqoq va o‘ziga xos chiroqlar ko‘rinadi. Bu belgilar avtomobil Yangwang U8 ekanini ko‘rsatadi, ammo ayrim tafsilotlar yangi versiya bo‘lishi mumkinligini ham anglatadi.
Yangwang U8 ning rasmiy taqdimoti 5-mart kuni bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq shunga o‘xshash sinovni Chery ham o‘tkazishga uringan edi. Kursiv Qozog‘iston yozishicha, 2025-yil oxirida kompaniya Fulwin X3L krossoveri bilan Tyanshan tog‘idagi zinapoyani zabt etmoqchi bo‘lgan, biroq sinov muvaffaqiyatsiz tugagan va tarixiy obyektga zarar yetgan.
BYD esa boshqa yo‘lni tanladi. Kompaniya o‘z hududida maxsus ekstremal sinov maydonchasini qurib, avtomobillarni shu yerda tekshirmoqda. Bu usul bilan BYD modelning real imkoniyatlarini ham namoyish qilayotir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BYD Great Tang elektromobili saloni namoyish etilgandi. Avtomobil 2+2+3 ko‘rinishidagi 7 o‘rindiqli joylashuvga ega bo‘lib, salonida to‘rtta ekran o‘rnatilgan. Old panelda uchta ekran joylashgan: haydovchi uchun instrument panel, markaziy boshqaruv displeyi va old yo‘lovchi uchun alohida multimedia ekrani.

