
General Motors 2027-yilgi Chevrolet Bolt elektromobilining eng arzon versiyasi uchun buyurtmalarni ochdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda. Endi xaridorlar qo‘shimcha opsiyalarsiz asosiy Bolt LT modelini ham buyurtma qila oladi.
Avvalroq buyurtma berish jarayonida xaridorlar qimmatroq Bolt RS versiyasini yoki LT modeli uchun $995 lik Comfort Package paketini tanlashga majbur edi. Bu paket elektr sozlanadigan haydovchi o‘rindig‘i, isitiladigan old o‘rindiqlar, isitiladigan rul va avtomatik qorayuvchi salon oynasini o‘z ichiga olgan.

Endi esa asosiy Bolt LT opsiyalarsiz $28,9 ming narxda buyurtma qilinmoqda. Bu narx yetkazib berish xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi.
Shu narxda avtomobil bir qator standart funksiyalar bilan taklif qilinadi. Model bir zonali avtomatik iqlim nazorati, 11 dyuymli raqamli panel, 11,3 dyuymli sensorli ekranli multimedia tizimi va Google integratsiyasi bilan jihozlangan. Shuningdek, SiriusXM radio qo‘llab-quvvatlashi, adaptiv kruiz nazorati va aqlli kalit tizimi ham mavjud.
Bolt LT’da haydovchi yordam tizimlarining to‘liq majmuasi standart sifatida beriladi. Avtomobil 17 dyuymli qotishma disklar, mato qoplamali salon va Jet Black interyer rangida taklif qilinadi. Xaridorlar oltita bepul kuzov rangidan birini tanlashi mumkin.

Barcha 2027-yilgi Bolt modellari 210 ot kuchiga ega elektr motor bilan jihozlangan. Avtomobil 65 kVt/soat LFP batareya bilan ishlaydi.
EPA ma’lumotiga ko‘ra, elektromobil bir zaryad bilan 262 mil (taxminan 422 km) masofani bosib o‘ta oladi. Tez zaryadlash tezligi ham oshirilgan. DC tezkor zaryadlash quvvati 150 kVtga yetadi. Oldingi avlod Bolt modellarida bu ko‘rsatkich 55 kVt edi.
Yangi Chevrolet Bolt AQShdagi arzon elektromobillar orasida eng past narxli modellardan biri hisoblanadi. Uning narxi Hyundai Kona Electric, Nissan Leaf va Fiat 500e kabi modellardan ham past.
Model Kansas shtatidagi GM Fairfax zavodida ishlab chiqarilmoqda. Biroq Bolt uzoq vaqt ishlab chiqarilmaydi. Rejaga ko‘ra, zavod 2027-yil o‘rtalaridan boshlab benzinli Chevrolet Equinox ishlab chiqarishga o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Bolt 2027 avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.