Yangiliklar

Farg‘onada qariyb 21 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori musodara qilindi

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Farg‘onada qariyb 21 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori musodara qilindi
Foto: videodan ekran tasviri

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 21 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar musodara etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.

Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tadbirda 1983-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi Spark avtomobili to‘xtatilgan. Tekshiruv davomida transport vositasi salonidan 9,9 ming dona «Zardeks» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Yana bir holatda qo‘shni davlatdan dorilarni kontrabanda yo‘li bilan olib kirgan shaxs qo‘lga olindi. Quvasoy shahrida yashovchi 1996-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Cobalt avtomobili Namangan viloyatining Pop tumanidagi YPX maskanida to‘xtatilib tekshirilgan. Avtomobil eshiklarining ichki qismiga yashirilgan 8 ming dona «Zardeks» hamda 309 gramm gashish aniqlanib, musodara qilingan.

Bag‘dod tumanida qayd etilgan holatda esa Qo‘qon shahrida yashovchi 1992-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Nexia avtomobilidan 1,7 ming dona «Regapen» dori vositasi topildi.

Farg‘ona tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 2001-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro o‘zining 1991-yilda tug‘ilgan sherigi orqali 1,2 ming dona «Regapen» dorisini xaridorga 56 mln so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qarshi va Buxoroda bozor rahbarlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgan edi.