Yangiliklar

Farmasevtikada brend nomidan foydalanish uchun to‘lanadigan soliq 5 foizga tushiriladi

Hozirgi vaqtda import qilinayotgan dori vositalarining qariyb yarmi uchta yirik korxona tomonidan olib kelinmoqda
Farmasevtikada brend nomidan foydalanish uchun to‘lanadigan soliq 5 foizga tushiriladi
Foto: Pexels/ Pixabay

Farmasevtikada brend nomidan foydalanish uchun to‘lanadigan royalti solig‘i 20 foizdan 5 foizga tushiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning sohaga oid videoselektor yig‘ilishida qayd etildi.

O‘zbekistonga import qilinayotgan dori vositalarining qariyb yarmi 34 ta xorijiy ishlab chiqaruvchi hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli chet el farmatsevtika kompaniyalarining ishlab chiqarishini mamlakat ichida yo‘lga qo‘yishni rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Masalan, Turkiyaning World Medicine kompaniyasi Toshkent farmatsevtika parkida antibiotik, virusga qarshi hamda yurak-qon tomir kasalliklari uchun mo‘ljallangan preparatlarni ishlab chiqarish bo‘yicha $30 mlnlik loyihani amalga oshirmoqda.

Hozirgi vaqtda import qilinayotgan dori vositalarining qariyb yarmi uchta yirik korxona tomonidan olib kelinmoqda. Ushbu korxonalar 40 dan ortiq yirik xorijiy farmatsevtika kompaniyalari mahsulotlarini O‘zbekistonga import qilish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu bois talab yuqori bo‘lgan dorilarni bir yil ichida O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga texnologiya transferi xarajatlarining yarmi Farmatsevtika jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Bundan tashqari, eng ko‘p import qilinayotgan 100 turdagi dorini ishlab chiqarishni kengaytirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun «Toshkent farma park» klasteri hududi yana 100 gektarga kengaytiriladi.

Janubiy Koreyalik hamkorlar esa o‘tgan yili klasterga qo‘shilgan 60 gektar maydonni boshqaruvga olishni taklif qilgan. Ular o‘z hisobidan infratuzilmaga $40 mln investitsiya kiritib, hududga Koreyaning yirik farmatsevtika kompaniyalarini jalb etish niyatida.

Mutasaddilarga ushbu muzokaralarni yakunlab, biofarmatsevtika va kosmetika yo‘nalishida kamida $400 mlnlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mirziyoyev farmatsevtika sohasiga $1 mlrd investitsiya jalb qilish vazifasini qo‘ygani haqida yozgan edi.