Yangiliklar

Google Pixel smartfon va soatlari yangilanish oldi — nimalar o‘zgardi

Pixel Drop yangilanishi qurilmalarga xavfsizlik va boshqaruv funksiyalarini taqdim etdi
Foto: WIRED

Google kompaniyasi o‘zining Pixel smartfonlari va aqlli soatlari uchun mart oyidagi Pixel Drop funksional yangilanishini taqdim etdi. Ushbu yangilanish asosan ikkita yo‘nalishga smartfonlar va soatlarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Smartfonlar kiyim-kechak izlash uchun Circle to Search tizimi va virtual kiyib ko‘rish imkonini beruvchi Find the Look funksiyasiga ega bo‘ldi. Ushbu imkoniyat hozircha faqatgina Pixel 10 seriyasidagi qurilmalar uchun mavjud. Shuningdek, At a Glance vidjeti takomillashtirilib, endilikda u jamoat transporti jadvallari, sport natijalari va moliya bozoridagi holatni real vaqtda ekranda ko‘rsatadi.

Foto: Google

Pixel 6 va undan keyin ishlab chiqarilgan modellar interfeysni avtomatlashtirish hamda Magic Cue orqali restoranlar tavsiyasini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, ushbu qurilmalarga sun’iy intellekt yordamida piktogrammalar (ikonkalar) yaratish funksiyasi qo‘shilgan.

Pixel Watch soatlari uchun foydalanuvchi smartfonini unutib qoldirganda ogohlantiruvchi tizim joriy qilindi. Belgilangan hududdan uzoqlashganda smartfon bloklanadi va soatga bildirishnoma yuboriladi. Pixel Watch 3 modelida bir qo‘lda boshqarish, yo‘qolgan qurilmalarni topish uchun Find Hub va kontaktsiz to‘lovlar uchun Express Pay xizmatlari ishga tushirildi.

Foto: Google

Shu bilan birga, barcha soatlar zilzila haqida ogohlantirish tizimi bilan ta’minlandi. Pixel Watch 4 modelida esa sun’iy yo‘ldosh orqali SOS signali yuborish hududi kengaytirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pixel 9 smartfonlari endi AirDrop orqali iPhone bilan ma’lumot almasha olishi haqida xabar bergan edi.