Yangiliklar

Endi O‘zbekistonda kameralar haydovchilik guvohnomasi yo‘qlarni ham aniqlaydi

Mamlakat yo‘llarida yuzni identifikatsiya qilish imkoniyatiga ega kameralar hamda foto va video qayd etish qurilmalari o‘rnatilgan
Haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lganlar qanday aniqlanadi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxslar avtomobil boshqarsa, buni yo‘llarda o‘rnatilgan kameralar aniqlaydi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, mamlakat yo‘llarida yuzni identifikatsiya qilish imkoniyatiga ega kameralar hamda foto va video qayd etish qurilmalari o‘rnatilgan. Ular 23-fevraldan 3-martgacha sinov rejimida ishlagan.

Sinov davomida bir nechta haydovchilik huquqidan mahrum etilgan fuqarolar avtomobil boshqargani aniqlangan. Shuningdek, ayrim haydovchilar transport boshqaruvi vaqtida telefondan foydalangani ham qayd etilgan.

«Haydovchilik huquqisiz yoki ushbu huquqdan mahrum etilgan shaxslarning qonunbuzarliklari jamiyat uchun katta ko‘ngilsizliklar keltirib chiqarishining oldini olishda endi raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalaniladi», – deya qayd etgan Yo‘ldoshev.

Endilikda ushbu qurilmalar qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlab, huquqbuzarlarga nisbatan onlayn choralar ko‘rishni boshlaydi.

Qonunchilikka ko‘ra, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxs transport vositasini boshqarsa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi 3-qismiga asosan BHMning 50 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi.

Agar bunday shaxs ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham yana avtomobil boshqarsa, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 261−2-moddasi asosida BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan qaysi eski avtomobillar «antikvar» sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi haqida yozgan edi.