
Huawei va SAIC hamkorligida ishlab chiqilgan yangi Saic Z7T avtomobilining ilk rasmlari taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Model Saic Z7 sedani asosida ishlab chiqilgan. Yangi avtomobil HIMA ekotizimidagi birinchi universal model hisoblanadi. Kompaniya avtomobil haqida batafsil ma’lumotlarni mart oyining oxirida e’lon qilishni rejalashtirmoqda.
Hozircha Saic Z7T narxi rasman e’lon qilinmagan. Taqqoslash uchun, shu platformada yaratilgan Saic Z7 sedani taxminan 250 mingdan 350 ming yuangacha (taxminan $36,2 ming – $50,7 ming) narxda taklif qilinishi kutilmoqda.

Rasmiy suratlarga ko‘ra, avtomobil tog‘ yashil rang kuzovga ega. Unda yashirin eshik tutqichlari va qizil tormoz kaliperlari mavjud. Universal kuzov sababli avtomobilning orqa qismi sedan versiyasidan qayta ishlab chiqilgan.
Orqa tomonda yumaloq dizayn va uzluksiz LED fonarlar qo‘llanilgan. Tom qismi esa pastga qarab egilgan sport uslubidagi siluetga ega.
Old qismida esa Saic Z7 dagi kabi 408 ta lazer nurlanish nuqtasiga ega faralar qo‘llanilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tom qismida lidar sensori ham joylashtirilgan. Bu sensor avtomobil Huawei Qiankun ADS 4.0 ilg‘or avtopilot tizimi bilan jihozlanishini ko‘rsatadi.

Hozircha avtomobilning texnik parametrlari to‘liq ochiqlanmagan. Biroq Xitoy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, model to‘liq elektr platformada ishlab chiqiladi.
Avtomobil orqa g‘ildirakdan tortish (RWD) va to‘liq tortish (AWD) versiyalarida taklif qilinishi mumkin. Batareya sig‘imi esa 80 kVt/soat va 100 kVt/soat variantlarida bo‘lishi kutilmoqda. HIMA ekotizimi hozirda Aito, Luxeed, Stelato, Maextro va Saic kabi besh brendni birlashtiradi. Ularning avtomobillari 200 mingdan 1,5 mln yuangacha (taxminan $29 ming – $217 ming) narx segmentini qamrab oladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Voyah kompaniyasi Huawei texnologiyalari asosida jihozlangan modelni taqdim etgani haqida yozgan edi.