Sport

Husanov zaxiradan qo‘shilgan o‘yinda «Manchester Siti» durang o‘ynadi

Ushbu kutilmagan durang natijasida jamoa peshqadam «Arsenal»dan yetti ochkoga ortda qoldi
Foto: Manchester City News

Angliya Premyer-ligasining 29-turida «Manchester Siti» «Etihad»da «Nottingem Forest»ni qabul qilib, 2:2 hisobida durang o‘ynadi.

Uchrashuvning 31-daqiqasida Antuan Semeno mezbonlarni oldinga olib chiqdi. 56-daqiqada mehmonlar sardori Morgan Gibbs-Uayt tovoni bilan hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. 62-daqiqada Rodri burchak to‘pidan so‘ng yana «Manchester Siti»ni oldinga olib chiqqan bo‘lsa-da, 76-daqiqada Elliot Anderson tomonidan kiritilgan gol mehmonlarga muhim bir ochkoni keltirdi.

Foto: mancity.com

Abduqodir Husanov 77-daqiqada Rayan Ait-Nurini almashtirdi. Paslar aniqligi bo‘yicha 89 foizlik ko‘rsatkich qayd etgan o‘zbekistonlik himoyachi Sofascore portali tomonidan 6,7 ballga loyiq ko‘rildi.

O‘yin davomida «Manchester Siti» bir qator qulay vaziyatlarni boy berdi. Xususan, Erling Holandning xavfli zarbasi ketdi, Fil Fodenning golsiz seriyasi esa 17 ta o‘yinga yetdi. «Nottingem Forest» ketma-ket 13 ta o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayapti.

Манчестер Сити VS Ноттингем Форест - Обзор

Kelasi o‘yinlarda «Manchester Siti» Angliya kubogi doirasida shanba kuni «Nyukasl» mehmoni bo‘ladi. «Nottingem Forest» esa payshanba kuni Yevropa ligasida «Midtyulland» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Avvalroq Kurisv Uzbekistan Abduqodir Husanov YChL guruh bosqichining eng tezkor futbolchisi deb topilgani haqida xabar bergan edi.