Yangiliklar

Ipoteka kreditlari orqali uy-joy olish tartibi o‘zgartirildi

Endilikda subsidiya olish jarayoni to‘liq avtomatlashtiriladi
Ipoteka kreditlari
Foto: Forbes

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmon qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, davlat va tadbirkorlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydigan yangi investitsiya tuzilmalari yaratiladi. Yangi tashkil etiladigan investitsiya kompaniyalari Toshkent Invest kompaniyasi hamda Samarqand Invest kompaniyasi aksiyadorlik jamiyatlari tajribasi asosida faoliyat yuritadi. Ular bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka dasturi doirasida davlat organlari va tadbirkorlarni bog‘lashga xizmat qiladi.

Dastur doirasida ko‘p kvartirali uylardan xonadon xarid qilish uchun subsidiya ajratish tizimi o‘zgaradi. Fuqarolarning ijtimoiy mezonlarga mosligini baholash jarayoni inson omilisiz, subsidiya.idm.uz tizimi orqali to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan boshlab budjet mablag‘lari hisobidan ipoteka kreditlari rasmiy daromadga ega fuqarolarga beriladi. Ushbu tartib ijtimoiy soliqni ixtiyoriy to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ham tatbiq etiladi. Bunda ulardan 2026-yilda so‘nggi 1 yillik, 2027-yilda so‘nggi 2 yillik, 2028-yildan boshlab esa oxirgi 3 yillik soliq to‘lov tarixi talab qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yosh oilalarga ipoteka kreditining 14 foizdan oshgan qismi qoplab berilishi haqida xabar bergan edi.