Ko’chmas mulk

Ipoteka omonatlari 1-iyuldan tajriba sifatida joriy qilinadi

1-iyuldan 31-dekabrgacha
Ipoteka kreditlari
Foto: Forbes

O‘zbekistonda uy-joy xaridini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish maqsadida ipoteka omonatlari mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu tartib dastlab tajriba-sinov sifatida amal qiladi, deya belgilandi prezident farmonida.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha ipoteka omonatlari amaliyoti sinov tarzida joriy etiladi. Ushbu tizim orqali ipoteka krediti uchun subsidiya olish bo‘yicha ijobiy xabarnoma olgan fuqarolar banklarda maxsus omonat ochib, uy-joy uchun dastlabki badalni jamg‘arish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qoidalarga muvofiq, omonat miqdori ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning fuqaro zimmasiga to‘g‘ri keladigan qismidan kam bo‘lmasligi kerak. Mablag‘lar bank hisobida 12 oydan ortiq bo‘lmagan muddat davomida saqlanadi.

Shuningdek, davlat tomonidan ajratiladigan subsidiya mablag‘lari tijorat banklari buyurtmasi asosida ushbu omonat hisobiga oldindan o‘tkazilishi mumkin. Banklar esa omonatdagi mablag‘larga bozor stavkasida foiz hisoblaydi. Keyinchalik jamg‘arilgan mablag‘lar ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal sifatida yo‘naltiriladi.

Agar fuqaro omonat muddati davomida ipoteka krediti orqali uy sotib olmasa, hisobdagi mablag‘lar foizlari bilan birga qaytariladi. Bu jarayonda mablag‘lar tegishli tartibda fuqaro va davlat budjeti o‘rtasida taqsimlanadi.

Bundan tashqari, ipoteka krediti ajratilgandan keyin davlat foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab beradi. Xususan, dastlabki 5 yil davomida Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lgan foiz qismi uchun subsidiya taqdim etiladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri endi O‘zbekistonda ipoteka uyda ro‘yxatdan o‘tish uchun bank roziligi talab etilishi haqida yozgandi.

Ya’ni fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda garovga oluvchining, ya’ni bankning ruxsati majburiy hisoblanadi. Bu jarayon uy egasining bevosita arizasiga asosan amalga oshishi farmonda aniq belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmon qabul qilindi. 

Unga ko‘ra, davlat va tadbirkorlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydigan yangi investitsiya tuzilmalari yaratiladi. Yangi tashkil etiladigan investitsiya kompaniyalari Toshkent Invest kompaniyasi hamda Samarqand Invest kompaniyasi aksiyadorlik jamiyatlari tajribasi asosida faoliyat yuritadi. Ular bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka dasturi doirasida davlat organlari va tadbirkorlarni bog‘lashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari yosh oilalarga ipoteka kreditining 14 foizdan oshgan qismi qoplab berilishi belgilandi.

Foydali: Ipoteka krediti uchun subsidiyaga arizani qanday topshirish mumkin – qo‘llanma