Avto

Mercedes-Benz Geely texnologiyalari asosida elektromobillar ishlab chiqaradi

Seriyali ishlab chiqarish 2030-yilda boshlanadi
Mercedes-Benz Geely texnologiyalari asosida elektromobillar ishlab chiqaradi / Foto: Mercedes

Mercedes-Benz Geely bilan hamkorlikda navbatdagi yangi elektromobillarini ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda. Bu haqda 36Kr nashri ma’lum qildi.

Kompaniya Xitoydagi hamkori va aksiyadori Geely texnologiyalaridan foydalanib, «Phoenix» kod nomi bilan yangi global platformani ishga tushiradi. Ushbu platforma hozirgi MMA arxitekturasini almashtiradi va A-Class, B-Class, GLA, GLB hamda CLA kabi kompakt modellarga baza bo‘ladi. Seriyali ishlab chiqarish 2030-yilda boshlanishi kutilmoqda.

Yangi Phoenix platformasining asosiy xususiyati Geely GEEA 4.0 elektron va elektr arxitekturasining integratsiyasi bo‘lib, ilg‘or texnologiya sifatida ilgari Geely Galaxy E5 modelida qo‘llangan. Platforma avvalo Xitoy zavodlarida sinovdan o‘tkaziladi, keyin esa modellar global bozorda sotuvga chiqadi.

Shuningdek, 2026-yilgi yangi Mercedes-Benz CLA modeli uchun 1,5 litrli M252 dvigateli Geely bilan birgalikda ishlab chiqilgan va Xitoyda ishlab chiqariladi. Geely esa Mercedes-Benz’ning asosiy kompaniyasi Daimler’ning eng yirik institutsional aksiyadori hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mercedes-Benz 2025-yilda sof foydasini deyarli ikki baravar qisqartirgani haqida yozgan edik.