Mirziyoyev farmatsevtika sohasiga 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish vazifasini qo‘ydi

Shavkat Mirziyoyev joriy yil farmatsevtika sohasiga $1 mlrd investitsiya jalb qilish vazifasini qo‘ydi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, yaratilgan sharoitlar tufayli so‘nggi 9 yilda sohaga $1,8 mlrd investitsiya kiritilib, 140 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushdi. Farmatsevtika korxonalari soni 300 tadan oshib, shundan 58 tasi dori ishlab chiqaruvchilardir.
Shuningdek, ishlab chiqarish hajmi 3,5 baravar oshib, 7 trln 300 mlrd so‘mdan ortdi. Mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish hajmi esa 2 baravar ko‘paydi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlari 55 ta davlatga eksport qilinmoqda.
Soha korxonalarida yaratilgan ish o‘rinlari soni 40 mingdan oshgan. Umuman olganda, O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy buyumlar bozori hajmi $2,5 mlrdga yaqinlashgan.
Yig‘ilishda 100 dan ortiq ishlab chiqaruvchilar, 50 dan ziyod importchilar, qariyb 300 ta ulgurji va chakana savdo korxonalari hamda investorlar bilan sohadagi muammolar muhokama qilindi. Bildirilgan takliflar asosida yirik qaror loyihasi tayyorlangani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sirdaryo viloyatiga $3 dollar investitsiya jalb qilinishi haqida yozgan edi.