Avto

Nega ayrim avtomobillar ayollarniki yoki erkaklarniki deb qaraladi

Barchasi AQShdagi marketingdan boshlangan
Foto: Avto Mail

Avtomobillarni erkaklar yoki ayollar uchun deb tasniflash ko‘pincha marketing, stereotiplar va statistika ta’sirida shakllangan. Aslida esa mashinaning jinsi bo‘lmaydi, lekin reklama va jamiyat qarashlari odamlar ongida shunday tasavvur paydo qilgan.

Masalan, kichik va rang-barang avtomobillar ko‘pincha ayollarga mos deb qaraladi, katta va kuchli mashinalar esa erkaklar bilan bog‘lanadi. Bunga marketing strategiyalari katta ta’sir ko‘rsatgan.

Barchasi AQShdagi marketingdan boshlangan

1950-yillarda AQShda avtomobil bozori keskin rivojlana boshladi. Avtomobil endi hashamat emas, ommaviy mahsulotga aylangan edi. Raqobat kuchaygani sababli marketing mutaxassislari xaridorlarni guruhlarga ajratish yo‘llarini izlay boshladi.

Natijada oddiy formula paydo bo‘ldi:

  • erkaklar uchun — kuch, tezlik va nufuz;
  • ayollar uchun — qulaylik, dizayn va uslub.

1955-yilda Chrysler kompaniyasi tarixdagi ilk ayollar uchun maxsus avtomobilni taqdim etdi – Dodge La Femme. Mashina pushti-oq rangda bo‘lib, salonida hatto pudra, lab bo‘yog‘i, taroq, soyabon va maxsus sumkacha ham bor edi.

Ammo loyiha muvaffaqiyat qozonmadi. Ikki yil ichida atigi 1,5 – 2,5 ming dona sotildi. Chunki ko‘plab ayollar bunday stereotipik yondashuvni yoqtirmadi.

Avtomobilning «jinsi»ni belgilaydigan uch omil

Rang

Rang eng ko‘zga tashlanadigan belgidir. Pushti, qizil ranglar ko‘pincha ayollarga mos deb qaraladi. Qora, kulrang yoki harbiy ranglar esa erkakona deb hisoblanadi.

Masalan, kichik va yumaloq dizaynga ega Fiat 500’ning pushti rangdagi maxsus versiyasi tezda sotilib ketgan.

Foto: Fiat

Quvvat va texnik ko‘rsatkichlar

Reklamada erkaklarga ko‘pincha ot kuchi, tezlanish va dvigatel quvvati haqida gapiriladi. Ayollarga mo‘ljallangan reklamalarda esa bagaj hajmi, xavfsizlik tizimi yoki park qilish qulayligi ko‘proq ta’kidlanadi.

Brend elchilari

Reklamalarda mashhur insonlar ham muhim rol o‘ynaydi. Masalan, Ford Motor Company o‘zining mashhur pikapi Ford F‑150 reklamalarida ko‘pincha qo‘pol va kuchli ovozli aktyorlarni ishlatgan. Bu mashina kuchli va qat’iy erkaklar uchun degan signalni beradi.

Elektromobillar stereotiplarni buzmoqda

Elektromobillar paydo bo‘lishi bilan bu an’anaviy tasnif biroz o‘zgara boshladi. Masalan, Tesla Model S chiqqanda marketingchilar uni qaysi toifaga kiritishni bilmay qolgan. U juda tez va qimmat, lekin jim hamda ekologik toza.

Tesla esa bu muammoni oddiy hal qildi. Avtomobilni jinsga bo‘lishdan butunlay voz kechdi. Reklamalarda faqat texnologiya, avtopilot va masofa zaxirasi haqida gapirildi.

Bugun avtomobillarni erkaklar yoki ayollar mashinasi deb bo‘lish tobora kamayib bormoqda. Shunga qaramay, marketingda bu stereotiplar hali ham yashirin shaklda mavjud. Endi ular ranglar, reklama musiqasi yoki internetdagi reklama algoritmlari orqali sezilmaydigan tarzda ishlatiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekisan Bentley ayollar uchun maxsus modelni atigi 10 ta nusxada namoyish qilgani haqida yozgandi.