Yangiliklar

«Open budjet»da sheriklik loyihalarining ilk g‘oliblari aniqlandi

Joriy mavsumda sheriklik loyihalarining 50 foizi fuqarolar tomonidan moliyalashtirilmoqda
open budjet
Foto: Kursiv Uzbekistan

«Tashabbusli budjet» jarayonlarining 2026-yilgi 1-mavsumi doirasida sheriklik asosida ilgari surilgan qator loyihalar avtomatik tarzda g‘olib deb topilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, joriy mavsumda sheriklik loyihalarining 50 foizi fuqarolar tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Avtomatik g‘olib deb topilgan loyihalar:

  • Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Mang‘it mahallasidagi ko‘chalarga asfalt yotqizish;
  • Buxoro viloyati Shofirkon tumani Shibirg‘on mahallasi ichki ko‘chalarini asfaltlash;
  • Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani «Qo‘shchinor» MFY Zachkana qishlog‘i ichki yo‘llarini asfaltlash.

Mazkur loyihalar fuqarolar tomonidan yetarli miqdorda moliyalashtirilgani sababli avtomatik ravishda g‘olib sifatida e’tirof etildi.

Hozirga qadar sheriklik asosida avtomatik tarzda g‘olib bo‘lgan loyihalar soni 5 taga yetgan.

Eslatib o‘tilishicha, sheriklik loyihalari doirasida fuqarolar o‘z mablag‘larini 10-mart kuni soat 18:00 ga qadar maxsus tranzit hisobraqamlariga o‘tkazishlari lozim.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-fevraldan «Ochiq budjet» portali orqali «Tashabbusli budjet» jarayonlarining 1-mavsumi doirasida loyiha kiritish bosqichi boshlangani haqida yozgandi.