O‘zbekistonda Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

O‘zbekistonda Kimyo-farmatsevtika, Vaksina va zardoblar hamda Sharq tabobati institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi farmasevtika sohasiga oid videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda farmatsevtika yo‘nalishidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ortiq olim faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, farmatsevtika oliygohlarini har yili qariyb 1 ming nafar yosh mutaxassis tamomlamoqda. Shunga qaramay, sohada ilm-fan va sanoat o‘rtasida uzilish mavjudligi qayd etilgan.
Yangi institut «Toshkent farma park» hududida joylashadi. Bu yerda olimlarga parkda faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun sharoit yaratiladi.
O‘tgan 2025-yilda 57 mingdan ziyod nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan, kontrafakt dorilar aniqlandi. Qalbaki mahsulotlar ko‘paygani sabab ayrim nufuzli xorijiy kompaniyalar 21 turdagi original dorilarni O‘zbekistonga olib kirishni to‘xtatgan.
Shu bois mas’ul idoralarga giyohvand va psixotrop moddalarga qarshi olib borilayotgan kurash kabi dorilarning noqonuniy aylanmasiga qarshi ham murosasiz choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, sifatsiz va qalbaki dori vositalarini ishlab chiqarish hamda sotish uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish muhim ekani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri farmasevtikada brend nomidan foydalanish uchun to‘lanadigan soliq 5 foizga tushirilishi haqida yozgan edi.