Yangiliklar

Qarshi va Buxoroda bozor rahbarlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Qarshi va Buxoroda bozor rahbarlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Foto: videodan ekran tasviri

Qarshi va Buxoroda auksion orqali sotilishi kerak bo‘lgan savdo joylarini shaxsiy manfaat evaziga fuqarolarga noqonuniy sotishga uringan bozor rahbarlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi dehqon bozori raisi va nazoratchisi o‘zaro til biriktirib, bozorda yangi qurilgan 110 m² maydondagi savdo do‘konini tadbirkorga rasmiylashtirib berish evaziga $80 ming talab qilgan. Ular oldindan $30 ming olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Buxoro shahrida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji sotiladigan bozor rahbari va ish yurituvchisi ham noqonuniy harakatlarda gumon qilinmoqda. Ular bozor hududida yengil konstruksiyali savdo do‘koni qurib, tadbirkorlik qilish uchun 120 m² yer ajratib berish evaziga fuqarodan $11 ming olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a, v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Surxondaryoda yer maydonini sotish bilan bog‘liq firibgarlik aniqlangani haqida yozgan edi.