
Shavkat Mirziyoyev transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda Toshkent – Samarqand yo‘nalishida qurilishi rejalashtirilayotgan yangi avtomagistral loyihasi ko‘rib chiqildi. Umumiy uzunligi 282 kilometr bo‘lgan yo‘lning 140 kilometrlik qismlarida tuproqni mustahkamlash ishlari amalga oshiriladi. Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 91 ta ko‘prik va 16 ta yo‘l oʻtkazgich qurilishi rejalashtirilgan.
Avtomagistral LA-toifali bo‘lib, ya’ni eng yuqori texnik va xavfsizlik standartlariga javob beradi. Yo‘lda har biri 3,75 metr kenglikdagi oltita harakat tasmasi bo‘ladi. Loyiha bo‘yicha yo‘lning loyihaviy tezligi soatiga 150 km qilib belgilangan.
Qurilish ishlari besh yil ichida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Urganch – Xiva o‘rtasida 120 mln dollarlik pullik yo‘l qurilishi boshlangani haqida yozgandi.
Yangi trassa xalqaro standartlar asosida qurilmoqda. To‘rt tasmali avtomobil yo‘lining uzunligi 35 kilometr bo‘lib, asfaltbeton qoplama bilan jihozlanadi. Uning bir sutkalik o‘tkazuvchanlik quvvati 20 mingdan ortiq transport vositalariga mo‘ljallangan.
Shuningdek, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida yangi pulli avtomobil yo‘li qurilishi rejalashtirilgan. Loyihaga xorijiy hamkorni 15-martga qadar jalb qilish, sentabrgacha kelishuv imzolash va 2026-yil 1-dekabrdan qurilish ishlarini boshlash ko‘zda tutilgan.