Yangiliklar

Umra plyus dasturi doirasida mahalliy turoperatorlarga subsidiya ajratiladi

Har bir sayyoh uchun $100 dan
Umra
Umra plyus dasturi doirasida mahalliy turoperatorlarga subsidiya ajratiladi / Foto: Sun’iy intellekt

Umra plyus dasturi doirasida Malayziya va Indoneziyadan kelgan sayyohlarni jalb qilayotgan mahalliy turoperatorlarga subsidiya ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Malayziya va Indoneziyadan umra ziyoratiga yo‘l olgan yoki undan qaytayotgan har bir sayyoh uchun mahalliy turoperatorlarga $100 miqdorida subsidiya beriladi. Subsidiya olish istagida bo‘lgan turoperatorlar Turizm qo‘mitasiga ariza topshirishlari mumkin.

Jarayon Davlat xizmatlari markazlari (DXM) yoki YIDXP (my.gov.uz) orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi. Arizalar turoperatorlar uchun bepul ko‘rib chiqiladi va Turizm qo‘mitasi tomonidan 10 ish kuni ichida hal qilinadi. Subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingach, pul mablag‘lari talabgorga 5 ish kuni ichida o‘tkazib beriladi.

Subsidiya aynan qanday sayyohlar uchun beriladi

Subsidiya Malayziya yoki Indoneziyadan kelgan, Saudiya Arabistoniga umra safariga ketayotgan yoki qaytayotgan sayyohlar uchun beriladi. Shuningdek, sayyohlar O‘zbekistonda kamida uch kecha tunab qolgan bo‘lishi kerak.

Ma’lumot uchun, Umra vizalarini rasmiylashtirishning oxirgi sanasi 2026-yil 19-mart etib belgilangan. Xorijiy ziyoratchilarning Saudiya Arabistoniga kirish uchun so‘nggi muddat 2-aprel. Barcha ziyoratchilar 18-aprelga qadar mamlakatdan chiqib ketishlari lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat ortidan Umra safarlari vaqtincha kechiktirilgan edi.