Avto

Vyetnamda Rolls-Royce uslubidagi krossover va sedan taqdim etildi

To‘liq o‘lchamli krossover 800S hamda katta sedan 900S
Foto: VinFast

VinFast yangi premium brend Lac Hong’ni va ikkita flagman modelini – to‘liq o‘lchamli krossover 800S hamda katta sedan 900S – taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiy bozorga chiqish 2027-yilda rejalashtirilgan va dastlab avtomobillar faqat Vyetnamda sotuvga chiqariladi.

Lac Hong 800S va 900S modellari uch elektromotor bilan jihozlanib, jami quvvati 625 ot kuchigacha yetadi. Hozircha ularning batareya zaryadi va masofasi haqida tafsilotlar e’lon qilinmagan.

Dizayn jihatidan avtomobillar milliy motivlar bilan uyg‘unlashgan: katta radiator panjarasi vertikal chiziqlar bilan Vyetnam bambukini eslatadi, kapotda esa milliy mifologiyaga murojaat qiluvchi Lac qushi figuri mavjud. Shu sababli tashqi ko‘rinishi Rolls-Royce avtomobillariga o‘xshaydi.

Salon bezaklarida tabiiy yog‘och va oltin bezaklar ishlatilgan, ammo old o‘rindiq yo‘lovchisi uchun monitor kabi ba’zi zamonaviy yechimlardan voz kechilgan. Jihozlamalar orasida avtomatik eshiklar, og‘irliksiz o‘rindiqlar va faol pnevmatik suspenziya mavjud.

Qimmatroq sedan 900S esa orqa o‘rindiqlar oralig‘ida elektron qoraytirish xususiyatiga ega bo‘lgan to‘siq va yig‘iladigan stoliklar bilan ta’minlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Geely yangi yo‘ltanlamas avtomobilini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.