
Yaqin Sharq mintaqasida keskinlashgan harbiy vaziyat global moliya bozorlarida dollar talabining keskin oshishiga olib keldi. Bu haqda Reuters ma’lum qildi.
Xabarda keltirilishicha, investorlar xavf kuchaygan paytda yana AQSh valyutasiga murojaat etmoqda. AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumidan so‘ng mintaqadagi urush kengayishi global bozorlarni larzaga solayotir. Investorlar xavfsiz aktiv sifatida dollarga o‘ta boshladi.
So‘nggi kunlarda dollar qiymati keskin ko‘tarildi. Ayrim fond bozorlari esa jiddiy yo‘qotishlarga duch keldi. Masalan, yil boshidan beri kuchli o‘sish ko‘rsatgan Janubiy Koreyaning Kospi indeksi ikki kun ichida qariyb 20 foizga pasaydi.
Investorlar xususiy kredit fondlaridan ham mablag‘larini faol qaytarib olmoqda. Shu bilan birga, AQSh davlat obligatsiyalari daromadliligi ham oshib bormoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-yillar boshida global valyuta zaxiralarining 70 foizdan ortig‘i dollarda saqlangan. Hozir bu ko‘rsatkich taxminan 57 foizga tushgan. Biroq dollar hali ham global moliya tizimida yetakchi o‘rinni saqlab qolmoqda. Xalqaro hisob-kitoblar banki ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi barcha valyuta operatsiyalarining 89 foizi dollarga bog‘liq.
Shuningdek, xalqaro to‘lovlarning qariyb 50 foizi dollarda amalga oshiriladi. Agar yevro hududidagi ichki to‘lovlar ham hisobga olinsa, bu ulush 60 foizga yaqinlashadi. Xalqaro bank kreditlarining qariyb 55 foizi, majburiyatlarning esa 60 foizi dollarda denominatsiya qilingan. Neft savdosining ham taxminan 80 foizi hali ham AQSh valyutasida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Yaqin Sharqdagi mojarolar sabab global brendlar do‘konlarini yopayotgani haqida yozgan edi.