
Xitoyning BYD kompaniyasi Fang Cheng Bao liniyasining yangilangan Ti3 va Ti7 elektromobillarini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar berdi.
Ushbu modellarda megavatt darajasidagi tezkor zaryadlash texnologiyasi qo‘llanadi. Ular global bozorda BYD Ti3 va BYD Ti7 nomi bilan sotilishi kutilmoqda.
5-mart kuni kompaniya ikkinchi avlod Blade Battery batareyasini ham namoyish qildi. Yangi batareya tezkor zaryadlash imkoniyati va sovuq havoga chidamliligi bilan ajralib turadi. Umuman olganda, 11 ta model ushbu yangi batareyadan foydalanishi rejalashtirilgan. Ti3 va Ti7 avtomobillarida esa BYD hamkorligidagi Robosense kompaniyasining LiDAR sensori ham bo‘ladi.
Ti3 modeli haqida

Yangilangan Ti3 tashqi ko‘rinish jihatidan avvalgi modelga o‘xshash. Bu o‘rta o‘lchamdagi krossover bo‘lib, o‘lchamlari 4605×1900×1720 mm, g‘ildirak bazasi esa 2745 mmni tashkil qiladi. Avtomobil keng g‘ildirak arkalari va keskin chiziqlarga ega dizayni bilan ajralib turadi. U oq, qora, yashil, kulrang, ko‘k va kumush ranglarda taklif etiladi. Salon esa ikki xil och va to‘q ranglarda bo‘lishi mumkin.
Ti3 modeli 75,6 kVt/soat sig‘imli LFP turidagi yangi Blade Battery batareyasi bilan jihozlanadi. Orqa g‘ildirakdan harakatlanuvchi versiyada elektromotor quvvati 200 kVt (268 ot kuchi) bo‘lib, avtomobil bir zaryad bilan 620 km masofani bosib o‘ta oladi. Maxsus tezkor zaryadlash stansiyalarida 5 daqiqada 400 km yurishga yetadigan quvvat olish mumkin. Sinovlarda avtomobil 10 foizdan 97 foizgacha 8 daqiqa 45 soniyada zaryadlangan.

Shuningdek, Ti3 ikki motorli to‘liq tortish (AWD) tizimi bilan ham taqdim etilishi mumkin. Avtomobilda katta panoramali tom, DiSus-C adaptiv osma tizimi va LiDAR sensori bilan ishlaydigan DiPilot 300 yordamchi haydov tizimi ham mavjud.
Ti7 modeli haqida

Ti7 esa kattaroq SUV hisoblanadi. Uning o‘lchamlari 4999×1995×1865 mm. Avtomobil besh o‘rindiqli salon va Devialet audio tizimi bilan jihozlangan.
Orqa g‘ildirakdan harakatlanuvchi versiyada elektromotor quvvati 300 kVt (402 ot kuchi) bo‘lib, avtomobil bir zaryad bilan 755 km masofani bosib o‘tishi mumkin. Tezkor zaryadlash stansiyasida batareya 10 foizdan 97 foizgacha 9 daqiqa 5 soniyada to‘ldiriladi.

To‘liq tortish tizimiga ega versiyada maksimal quvvat 515 kVt (691 ot kuchi) bo‘lib, avtomobil 240 km/soat tezlikka chiqishi mumkin. Bagaj hajmi 970 litrni tashkil qiladi. Shuningdek, unda 20 ta Devialet karnayi va DiPilot 300 haydovchiga yordam beruvchi tizimi mavjud. Hozircha Ti7 modeli bo‘yicha barcha texnik tafsilotlar va narxlar ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, Blade Battery 2.0 akkumulyatori -30°C darajaga qadar sovuqda zaryadlashni 12 daqiqagacha tezlashtiradi, bu esa boshqa raqobatchilardan farq qiladi. 20 foizdan 97 foizgacha bo‘lgan zaryadlash esa oddiy haroratdagi holatga nisbatan faqat 3 daqiqa ko‘proq vaqtni oladi.