
BYD kompaniyasining yuqori toifadagi Yangwang brendi 2026-yilgi Yangwang U7 modelini rasman taqdim etdi. Avtomobilning narxi 658 mingdan 888 ming yuangacha ($95,4 ming – $128,7 ming) etib belgilandi.

Yangwang U7 modelining asosiy xususiyatlaridan biri uning ikkinchi avlod Blade Battery texnologiyasi yordamida bir marta quvvatlanishda 1006 km gacha masofani bosib o‘tish qobiliyatidir. Avtomobil besh xil variantda, jumladan, plagin-gibrid va to‘liq elektr versiyalarida taklif etilmoqda.

Yangi model ilg‘or tezkor quvvatlanish texnologiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, akkumulyatorni 5 daqiqada 0 dan 70 foizgacha, 9 daqiqada esa 10 dan 97 foizgacha quvvatlantirish mumkin. Gibrid versiya 2,0 litrli dvigatel va to‘rtta elektr dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, umumiy quvvati 1000 kVt (1340 ot kuchi)ni tashkil qiladi. Uning umumiy bosib o‘tadigan masofasi 1100 km ga yetadi.

Avtomobil saloni simmetrik dizaynda ishlangan bo‘lib, yirik vertikal markaziy ekran, LCD asboblar paneli va oldingi yo‘lovchi uchun alohida ko‘ngilochar ekran bilan ta’minlangan. Xaridorlar 4 va 5 o‘rindiqli konfiguratsiyalar o‘rtasida tanlov qilishlari mumkin. Barcha o‘rindiqlar Nappa terisi bilan qoplangan hamda isitish, ventilyatsiya va massaj funksiyalariga ega.

Yangwang U7, shuningdek, yuqori aniqlikdagi xaritalarga tayanmaydigan God’s Eye A aqlli boshqaruv tizimi hamda DiSus-Z magnit osma tizimi bilan jihozlangan. Ushbu texnologiyalar avtomobilning xavfsizligi va boshqaruv barqarorligini ta’minlaydi.
Xususan, avtomobil 4,85 metrlik burilish radiusiga ega va tor joylarda 15 soniyada ortga qayrilish imkonini beruvchi tank turn funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi yangi avlod SU7 elektromobilini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.