
General Motors (GM) kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan yangi Chevrolet Spark elektromobili Lotin Amerikasining ayrim davlatlarida sotuvga chiqdi. Kursiv Uzbekistan modelning kelajakdagi rejalari va mahalliy bozorda qachon chiqishi yuzasidan «O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.
Kompaniyaning qayd etishicha, hozirgi vaqtda GM kompaniyasi Chevrolet Spark modelini butunlay yangilab, 2026-yil uchun Spark EUV Activ deb nomlangan yangi elektr versiyasini taqdim etdi. Ushbu yangi model dastlab Braziliya bozorida sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan. Biroq yangilangan Chevrolet Spark elektromobilini O‘zbekistonda sotish va ishlab chiqarish masalasi yaqin kelajakda ko‘zda tutilmagan.

Chevrolet Spark rusumidagi avtomobillarni ishlab chiqarish 2022-yilda to‘xtatilgan va hozirda ushbu modelni qayta ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmagan. «O‘zavtosanoat» AJ ushbu qarorni tasdiqlab, hozirda Chevrolet Sparkni ishlab chiqarishni tiklash niyatida emasligini ma’lum qildi.
Yangi model haqida qisqacha


Chevrolet kompaniyasi tomonidan yangi Chevrolet Spark 2026 elektromobili rasman namoyish etilgan edi. Bu model brendning shahar uchun mo‘ljallangan arzon elektro-krossoverlar segmentidagi ilk vakili bo‘lib, faqat Activ komplektatsiyasida taklif qilinadi. Spark EUV kundalik foydalanishga moslashtirilgan bo‘lib, xavfsizlik va qulaylikni ta’minlaydigan kengaytirilgan tizimlar bilan jihozlangan.

Chevrolet Spark 2026 elektromobili 102 ot kuchiga ega elektromotor va 180 Nm moment bilan ishlaydi. 42 kVt/soat sig‘imli akkumulyator avtomobilga 360 km gacha yurish imkoniyatini beradi (WLTP sikli bo‘yicha). Model tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Akkumulyator uchun 8 yillik kafolat va xizmat dasturi taqdim etilgan. Narxi $21,4 mingdan boshlanadi. Xaridorlar uchun kuzovning beshta rangi, jumladan ikki rangli variantlar ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Gentra 2026 avtomobili O‘zbekistonda ishlab chiqarilmasligi haqida yozgan edi.