Yangiliklar

Dam olish kunlarini qayerda mazmunli va arzon o‘tkazish mumkin

Toshkent bo‘ylab bo‘lib o‘tadigan eng qiziqarli tadbirlar jamlanmasi
Foto: pexels.com

Kelayotgan dam olish kunlari 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni O‘zbekiston bo‘ylab nishonlanadi. O‘zbekistonliklar ketma-ket uch kun dam olishadi. Ushbu qisqa bahoriy ta’tilni oila a’zolari, do‘stlar va yaqinlar davrasida unutilmas, mazmunli o‘tkazish uchun poytaxtimizda bir qator bepul va arzon narxlardagi madaniy tadbirlar tashkil etilgan. Quyida siz uchun dam olish kunlari borish mumkin bo‘lgan tadbirlarni taqdim etamiz.

Magic City’da shou dasturlar

Foto: Sanjar Abduraimov

Bayram shukuhini his qilishni istaganlar uchun Magic City bog‘i ajoyib tanlov. 7-mart kuni soat 19:30 da Benom guruhi, DJ King Macarella va Double Touch raqs shousi ishtirokida ajoyib oqshom bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, soat 22:00 da suv ustidagi Magic City Show va ulkan lazer shousidan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Tadbirga kirish bepul.

«Siz uchun ayollar» gala konserti

Foto: Instagram

Klassik va jonli ijro ixlosmandlari uchun Turkiston san’at saroyida Botir Zokirov nomidagi milliy estrada-simfonik orkestri ishtirokida gala konsert namoyish etiladi. Konsert 7-mart kuni 19:00 da boshlanadi. Chipta narxlari 55 ming so‘mdan 220 ming so‘mgacha

«Men otkritka emasman» fotoko‘rgazmasi

Foto: Timur Hadiev

Bu ayolning ichki dunyosi va asl go‘zalligini namoyon etuvchi chuqur ma’noli ko‘rgazmadir. Suratkash Natalya Ilyinaning ushbu ko‘rgazmasi qoliplardan tashqariga chiqib, ayollarning jonli hissiyoti va fe’l-atvorini ko‘rsatib beradi. Kunduzi soat 10:00 dan 17:00ga qadar ko‘rgazmadan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Manzil Toshkent fotosuratlar uyi. Ko‘rgazma kirish bepul.

Nozik Stand-up konserti

Foto: Anons.uz

7-mart kuni Sahna StandUp Clubda Nozik Stand-up nomli konsert bo‘lib o‘tadi. Stand-up faqat erkaklar uchun emas. Qizlar nigohidagi hazillarga boy ushbu kecha sizga bayramona kulgi ulashadi. Yosh va tajribali komik qizlar o‘z chiqishlarini namoyish etadi. Konsert 19:00 da start oladi, chipta narxlari esa 20 ming so‘mdan boshlanadi.

«Bahor vernisaji» ko‘rgazmasi

Foto: O‘zbekiston badiiy akademiyasi

San’at ixlosmandlari uchun yana bir ajoyib va tekin manzil. Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida 35 nafar ayol ijodkorning 100 ga yaqin betakror asarlari namoyish etilmoqda. Asarlarda bahor nafasi va ayol qalbi juda nozik tasvirlangan. Ko‘rgazma kirish bepul.

Stand-upingda aytasan shousi

Foto: iTV

Kunni yuqori kayfiyatda o‘tkazish uchun Mirshakar Fayzulloyev boshchiligidagi shouga tashrif buyuring. Siz hayotingizdagi qiziq voqeani aytasiz, komiklar esa shu zahotiyoq hazil o‘ylab topishadi. 7-mart kuni soat 21:00 dan boshlab konsertda ishtirok etishingiz mumkin. Chiptalar 80 ming so‘mdan boshlanadi. Manzil esa Sahna StandUp Club.

Davlat Amaliy san’at muzeyiga sayohat

Foto: Manaviyat

Dam olish kunining so‘nggi qismini farzandlar va oila a’zolari bilan madaniy merosimizni o‘rganishga bag‘ishlash mumkin. Toshkentning Rakatboshi ko‘chasida joylashgan ushbu muzeyda O‘zbekiston amaliy san’atiga oid 10 mingdan ortiq betakror eksponatlar mavjud. Tarixiy muhit dam olish kunlaringizga o‘zgacha fayz bag‘ishlaydi.

«E’zozdasiz ayollar» gala konserti

Agar bayramni haqiqiy yulduzlar dasturi bilan katta miqyosda yakunlamoqchi bo‘lsangiz, O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyiga tashrif buyuring. Dasturda Rayhon, Ziyoda, Yorqinxo‘ja Umarov, Jenisbek Piyazov va boshqa mashhur xonandalar qatnashadi. Konsert 9-mart kuni ikki seansda 15:30 va 19:30 da bo‘lib o‘tadi. Chipta narxlari esa 250 ming so‘mdan, 400 ming so‘mgacha.