Eron maktabiga qilingan hujum ortidan AQShda harbiy tergov boshlandi

28-fevral kuni Eron janubidagi qizlar maktabiga qilingan zarbaga AQSh kuchlari javobgar bo‘lishi mumkin. Hozirda AQSh harbiy tergovchilari surishtiruvni davom ettirmoqda. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Minab shahridagi maktabga qilingan zarba AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumlarining birinchi kuniga to‘g‘ri keldi. Eronning Jenevadagi BMT vakolatxonasidagi elchisi Ali Bahreyni hujum oqibatida 150 nafar o‘quvchi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Biroq qurbonlar soni bo‘yicha keltirilgan raqamlar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset mazkur voqea yuzasidan harbiylar tomonidan tergov olib borilayotganini tasdiqladi. Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitt ham Qo‘shma Shtatlar tinch aholi va bolalarni nishonga olmasligini ta’kidladi.
«Biz tinch aholi obyektlarini hech qachon nishonga olmaymiz, biroq holatni o‘rganib, tergov qilyapmiz», – dedi Mudofaa vaziri.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ham davlat maktablarga ataylab zarba bermasligini bildirdi. Xabarlarga ko‘ra, Isroil va AQSh kuchlari Erondagi operatsiyalarni geografik jihatdan taqsimlagan bo‘lib, Isroil g‘arbdagi nishonlarga, AQSh esa asosan janubiy hududlar va dengizdagi obyektlarga zarba bermoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron droni Ozarbayjon aeroportiga qulagani haqida xabar bergan edi.