Lionel Messi Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashdi

Lionel Messi va «Inter Mayami» klubi futbolchilari Vashingtondagi Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Uchrashuv jamoaning MLS kubogidagi ilk g‘alabasiga bag‘ishlandi.
Devid Bekhem hammuassisligidagi klub Vashingtonning «DC United» jamoasiga qarshi o‘yindan oldin Oq uyga taklif qilingan. «Inter Mayami» dekabr oyida o‘z tarixida birinchi marta AQShning yuqori divizioni hisoblangan MLS chempionligini qo‘lga kiritgan edi.

Tadbir davomida Tramp jurnalistlar oldida so‘zga chiqib, AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalari haqida ma’lumot bergach, jamoaning yutug‘ini e’tirof etdi. AQSh prezidenti 38 yoshli argentinalik futbolchining yutuqlarini alohida qayd etdi.
«Leo o‘z faoliyatidagi 47-kubokni qo‘lga kiritdi. Bu barcha davrlar rekordi. Siz dunyoning istalgan jamoasiga borishingiz mumkin edi, ammo Mayamini tanladingiz», — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, prezident Messini afsonaviy Pele bilan taqqoslab, undan ham yaxshiroq bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. Ma’lumot uchun, Messi oktabr oyida «Inter Mayami» bilan 2028-yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnoma imzolagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lionel Messining dubli «Inter Mayami»ga g‘alaba taqdim etgani haqida xabar bergan edi.