
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlar soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosimda ma’lum qilindi.
Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar ulushi ham yuqori. Hozirda stajyor-tadqiqotchi va doktoranturada tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, ya’ni 61 foizi ayollardan iborat.
Davlat rahbari Kegeyli tumanidan Indira Satniyazova, buxorolik Vazira Fayzullayeva va navoiylik Mashhura Qudratovaning xalqaro fan olimpiadalarida erishgan yutuqlarini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, bir qator xalqaro startap tanlovlari g‘olibi bo‘lgan buvaydalik Dilafruz Jo‘raboyeva Microsoft kompaniyasining O‘zbekistondagi elchisi sifatida tan olingani ham qayd etildi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun davlat granti kvotasi ikki barobar oshirilib, 4 mingga yetkaziladi. Top-300 talikka kiruvchi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim asosida magistratura bosqichida tahsil olayotgan talaba-qizlarning kontrakt to‘lovlari ham davlat tomonidan qoplab beriladi.
Bundan tashqari, har yili xotin-qizlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kamida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha startap tanlovlari o‘tkaziladi. Har bir yo‘nalish g‘olibiga Innovatsiya jamg‘armasidan 500 mln so‘mgacha grant ajratilishi belgilangan.
Shuningdek, maktabning 11-sinfini tamomlab, davlat texnikumlariga o‘qishga kirgan qizlarning kasbga o‘qitilishi to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi. O‘tgan yili 60 nafar qiz dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston «Parlamentdagi ayollar» reytingida 92 pog‘ona yuqorilagani haqida yozgan edik.