Oppo’ning Find N6 buklanadigan smartfoni xususiyatlari oshkor bo‘ldi

6-mart 2026 08:50 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Gizmochina

Internetda Oppo Find N6 buklanadigan flagman smartfonining to‘liq texnik xususiyatlari tarqaldi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.

Qurilma rasman taqdim etilishidan oldin Xitoylik insayderlar tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, model kuchli protsessor, katta batareya va yuqori sifatli kameraga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon ikkita ekran bilan jihozlanadi. Tashqi displey 6,62 dyuym bo‘lib, 1,5K+ aniqlikda ishlaydi, ichki buklanadigan ekran esa 8,12 dyuymli 2K+ formatda bo‘ladi. Har ikki ekran ham 1 dan 120 Gts gacha moslashuvchan yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi titan qotishmasidan tayyorlangan sharnir tufayli ekranda deyarli bukilish izi ko‘rinmasligi aytilmoqda.

Foto: Gizmochina

Qurilma unumdorligi Qualcomm Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan ta’minlanadi. Smartfon LPDDR5X tezkor xotira va UFS 4.1 doimiy xotira bilan ishlaydi.

Kamera tizimi uchta moduldan iborat bo‘ladi: 200 megapikselli asosiy kamera optik stabilizatsiya bilan, 50 megapikselli ultra keng burchakli kamera hamda 3 karra optik zumga ega teleobyektiv.

Bundan tashqari, qurilma IP56, IP58 va IP59 standartlari bo‘yicha himoyaga ega bo‘lishi kutilmoqda. Smartfon ichiga 6000 mA/soat sig‘imli batareya o‘rnatiladi va u 80 vattgacha tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Kutilishicha, Oppo Find N6 dastlab Xitoy bozorida taqdim etiladi, shundan so‘ng yil davomida global bozorga ham chiqariladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oppo Enco Air 5 Pro quloqchini shovqindan himoya funksiya bilan taqdim etilgani haqida yozgandi.

Shuningdek