Yangiliklar

Ozarbayjon Erondagi diplomatik xodimlarini evakuatsiya qiladi

Qaror Ilhom Aliyev tomonidan qabul qilindi
Ozarbayjon Erondagi diplomatik xodimlarini evakuatsiya qiladi / Foto: Aa.az

Ozarbayjon hukumati Eron hududidagi diplomatik xodimlarini evakuatsiya qiladi. Qaror 5-mart kuni Naxchivan Avtonom Respublikasi hududida Eron dronlari hujumi oqibatida munosabatlarning keskinlashuvi fonida qabul qilindi.

Rasmiy Bokuning ma’lum qilishicha, ikki dron aeroport binosiga va maktab yaqinidagi hududga zarba bergan, natijada to‘rtta kishi jarohatlangan. Eron hududga jami to‘rtta dron yo‘naltirgan.

Eron hukumati ayblovlarni rad etib, hujumni uyushtirmaganini bildirgan. Eron tashqi ishlar vaziri Abbas Araqchi Ozarbayjon vakili bilan suhbatda bu hujum ortida Isroil turishi mumkinligini, chunki u ikki mamlakat munosabatlarini buzishga harakat qilyotganini ta’kidlagan.

Munozaralar fonida Eron Ozarbayjonning Isroil bilan yaqinlashuvi va «Tramp koridori» loyihasidan norozi ekanini bildirgan. Eron loyihaga qarshi chiqib, u mamlakatni Armaniston va qolgan Kavkazdan ajratishi va Yaqin Sharqda yangi mojarolarga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Turkiya esa Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlab, mojaroni uchinchi davlatlarga yoyilishining oldini olish lozimligi haqida ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston TIV Ozarbayjonga uyushtirilgan dron hujumlaridan xavotir bildirgan edi.