O‘zbekiston va Misr gepatitga qarshi preparatlarni ishlab chiqaradi

eʼlon qilindi
Mahalliy kadrlarni tayyorlash borasida ham hamkorlik qilinadi
O‘zbekiston va Misr gepatit C’ga qarshi preparatlarni ishlab chiqaradi / Foto: Drugdiscoverytrends

O‘zbekiston va Misr hamkorlikda gepatit C’ga qarshi «Daclatasvir» va «Sofosbuvir» preparatlarini ishlab chiqaradi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Misrning Acdima hamda Dentafill Plus kompaniyalari vakillari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida ikki tomon farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy dori vositalari ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish va mahalliylashtirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar hamkorlikning birinchi bosqichi sifatida O‘zbekiston bozori uchun gepatit C virusiga qarshi «Daclatasvir» va «Sofosbuvir» preparatlarini ishlab chiqarishni boshlashga kelishib oldi.

Loyiha doirasida ishlab chiqarish texnologiyalari bosqichma-bosqich O‘zbekistonga o‘tkazilishi, misrlik mutaxassislarni jalb etish, mahalliy kadrlarni tayyorlash va ishlab chiqarish quvvatlarini moslashtirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, uchrashuvda mingdan ortiq turdagi dori vositalarini mahalliylashtirish imkoniyati va O‘zbekistonda insulin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Misr o‘rtasida kartoshka yetishtirish bo‘yicha memorandumlar imzolangan edi.

Shuningdek