Yaponiya Toshkent va yangi aeroport o‘rtasidagi metro qurilishiga jalb etilishi mumkin

O‘zbekiston va Yaponiya Yangi Toshkentni aeroport bilan temir yo‘l va metro orqali bog‘lash masalalari muhokama qildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Yaponiyaning Yer, infratuzilma, transport va turizm vaziri o‘rinbosari Terada Yoshimichi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Xususan, Yangi Toshkent va Toshkent shahri hududlarini yangi aeroport bilan temir yo‘l, yer osti hamda yer usti metro liniyalari orqali bog‘lash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, Toshkent – Samarqand temir yo‘lining yangi tezyurar liniyalarini modernizatsiya qilish masalasiga ham e’tibor qaratdi. Yo‘lovchi va yuk tashish harakatini samarali tashkil etish maqsadida rels infratuzilmasini ajratish hamda transport sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil mustahkamlashga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent–Samarqand yo‘nalishida 282 kilometrlik avtomagistral qurilishi haqida yozgan edik.